Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-yanvar holatiga 2025-yilda O‘zbekistondagi banklarning sof foydasi 15,01 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 122,5% ga ko‘p.
Ayrim banklar to‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotlarini Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilgan, ayrimlari esa yo‘q. Bankers.uz nashri barcha banklar qancha foyda olgani haqidagi infografikani e’lon qildi.
Bitta bankdan tashqari qolgan barcha banklar o‘tgan yilni foyda bilan yakunladi.
Ko‘plab mahalliy banklar davlat tasarrufida bo‘lib, ular nafaqat tijorat muassasalari sifatida, balki rivojlanishga yo‘naltirilgan tashkilotlar sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu ularning davlat tomonidan sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlanishini bildiradi, bu esa sof bozor sharoitida ularning daromadliligini xolis baholashni qiyinlashtiradi.
5 ta bank sof foydasini 1 trln so‘mdan oshirdi:
- O‘zmilliybank — 1,92 trln so‘m;
- O‘zsanoatqurilishbank — 1,88 trln so‘m;
- Kapitalbank — 1,79 trln so‘m;
- Hamkorbank — 1,7 trln so‘m;
- Orient Finance Bank — 1,04 trln so‘m.
Navbatdagi 7 ta bankning sof foydasi esa 500 mlrd so‘mdan oshgan:
- Ipak Yuli Bank — 929,3 mlrd so‘m;
- Trastbank — 865,2 mlrd so‘m;
- Xalq banki — 702,5 mlrd so‘m;
- KDB Bank — 691,1 mlrd so‘m;
- Davr bank — 631,5 mlrd so‘m;
- Asia Alliance Bank — 505,6 mlrd so‘m;
- Biznesni rivojlantirish banki — 503 mlrd so‘m.
8 ta bank 100 mlrd so‘mdan 500 mlrd so‘mgacha sof foyda olgan:
- Ipoteka-bank — 399,9 mlrd so‘m;
- Anor bank — 302,8 mlrd so‘m;
- Octobank — 255,9 mlrd so‘m;
- Asakabank — 254,2 mlrd so‘m;
- Aloqabank — 251,5 mlrd so‘m;
- Universal bank — 240,9 mlrd so‘m;
- MKBank (Mikrokreditbank) — 160,8 mlrd so‘m;
- InFinBank — 112,7 mlrd so‘m.
Keyingi 8 ta bank 100 mlrd so‘mgacha sof foyda ko‘rdi:
- Agrobank — 97,7 mlrd so‘m;
- APEX BANK — 95,6 mlrd so‘m;
- Uzum bank — 62,7 mlrd so‘m;
- Ziraat bank — 62,2 mlrd so‘m;
- Tenge Bank — 54,86 mlrd so‘m;
- Hayot bank — 41,2 mlrd so‘m;
- Saderat Bank — 25,9 mlrd so‘m;
- Turonbank — 24,9 mlrd so‘m.
Quyidagi 6 ta bank esa 10 mlrd so‘mdan kam foyda oldi:
- Mybank (ilgargi Madad Invest Bank) — 8,9 mlrd so‘m;
- Open bank (ilgargi Smart Bank) — 8,2 mlrd so‘m;
- AVO bank — 6,6 mlrd so‘m;
- Garant bank — 5,2 mlrd so‘m;
- Poytaxt Bank — 0,7 mlrd so‘m;
- TBC Bank — 0,6 mlrd so‘m;
Faqat bitta bank — Yangi Bank 136,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. 15-yanvar kuni Markaziy bank uning litsenziyasini chaqirib oldi. Bunga esa bank faoliyatida aniqlangan bir qator kamchiliklar sabab bo‘ldi. Bu haqda batafsil havolada o‘qish mumkin.
Bundan tashqari, 27-avgust kuni Markaziy bank Qozog‘istonning Yevrosiyo banki’dan litsenziyasini chaqirib oldi. Qaror bankning ustav kapitali miqdori minimal talablarga (500 mlrd so‘m bo‘lishi kerak edi) javob bermagani hamda boshqa qonunchilik talablari bajarilmagani sababli qabul qilingan.
Avvalroq Spot 2025-yilda so‘mdagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha real foiz stavkalari o‘sgani haqida yozgandi.
