3-fevral kuni O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar haqidagi xabarlar e‘lon qilindi.
Shu mazmundagi xabarlar ortidan Ichki ishlar vazirligi fuqarolardan Yagona portal orqali o‘zlarining shaxsiy ma‘lumotlarini o‘zgartirishni so‘radi. Bu haqda vazirlikning YouTube kanalida e‘lon qilingan lavhada so‘z boradi.
“Fuqarolarga zudlik bilan o‘zlariga tegishli bo‘lgan banklarga borib, plastik kartalarini almashtirishni va ularning kod raqamlarini o‘zgartirishni tavsiya qilamiz. Hozirgi paytda IIV hamda boshqa korxona va tashkilotlar bilan birgalikda qo‘shimcha ishlar olib borilyapti. Bu haqida so‘nggi ma‘lumotlarni berib boramiz”, — dedi vazirlik vakili.
Uning taʼkidlashicha, mazkur xabarlar tasdiqlansa ma‘lumotlarni tarqatgan insonlar topilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.
Bundan tashqari, IIV firibgarlik holatlari asosan messenjerlar orqali jo‘natilayotgan turli fayl va havolalar natijasida sodir etilayotganiga to‘xtalgan.
“Statistikaga ko‘ra, fuqarolar eng ko‘p AKP-fayllardan jabrlanmoqda, bu kabi fayllar ularga o‘zlarining tanishlaridan har xil holatlarda keladi. Misol uchun, sudga yolg‘on chaqiruv, mulk qarzdorligi ko‘rinishida hamda „Bu videoda sen nima qilyapsan?“ degan mazmundagi ma‘lumotlar kelishi mumkin”, — deya tushuntirdi IIV vakili.
IIV bu kabi APK-fayllar kelgan taqdirda, ularni zudlik bilan o‘chirib tashlashni hamda telefonlarga yuklamaslikni maslahat berdi.
O‘zi nima gap?
Darknetda 15 mln fuqaroga tegishli shaxsiy maʼlumotlar tarqalgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Holat bo‘yicha Kiberxavfsizlik markazi o‘rganishlar olib borilayotganini bildirgandi. Milliy statistika qo‘mitasi esa ushbu xabarlar fonida, aholini ro‘yxatga olishda to‘plangan barcha maʼlumotlar alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanayotganini ma‘lum qilgan.
Global Move kompaniyasi rahbari, IT mutaxassis Nuruddin Iminohunov agar haqiqatdan xakerlar tizimni buzib, ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa, kiberxavfsizlik markazi jarimaga tortilib, tizimni ishlab chiqqan kompaniyalar javobgarligi belgilanishi kerakligini ta’kidladi.
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov esa tarqalgan ma’lumotlar 2023-yilga tegishli bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Spot internetga fuqarolarning qanday ma’lumotlari sizib chiqqani haqida yozgandi. IIV va Soliq qo‘mitasi tizimlar xavfsizligi ta’minlanganini bildirgandi, IHMA esa eski bazaga kiberhujum bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlari tizimlariga kiberhujum bo‘lmaganini bildirdi.
Kredit olishni taqiqlash
2025-yilning 6-iyunidan boshlab O‘zbekistonda o‘z-o‘ziga kredit berishni taqiqlash xizmati ishga tushdi. Undan Kredit-axborot tahliliy markazi kredit byurosi saytidan bepul foydalanish mumkin.
Xizmat yordamida shaxs kredit byurosiga ariza berishi va unga kredit yoki qarz berishni taqiqlashi mumkin. Ikki oydan kamroq vaqt ichida qariyb 73 ming kishi o‘z ixtiyori bilan kredit olishni taqiqlagan.
Spot fuqarolar o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishiga onlayn taqiq qo‘yish bo‘yicha xizmat nima uchun kerakligi, shuningdek, xizmatdan qanday foydalanish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.
Bundan tashqari, hozirda kredit byurosi orqali kredit tarixi o‘rganilishini cheklab qo‘yish mumkin. Xizmat orqali fuqarolar o‘zlariga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarini olinishini taqiqlab qo‘yishlari mumkin bo‘ladi.
Kiberjinoyatlar
2025-yilda kiberjinoyatlar oqibatida o‘zbekistonliklarning 1,9 trln so‘m mablag‘i o‘g‘irlangan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda kiberjinoyatlar soni 11 barobarga oshib, 62 mingdan ortgan. Jami yetkazilgan zarar 3,73 trln so‘mni tashkil etib, uning yarmi o‘tgan yilning 11 oyiga to‘g‘ri keladi.
Jinoyatlarning oldini olish doirasida 483 ta fishing dasturi bloklangan hamda kriptoaktivlar sohasidagi qonunbuzilishlar orqali 76 mlrd so‘m mablag‘ chiqib ketishining oldi olingan. 2025-yilning olti oyida O‘zbekistonda sodir etilgan jinoyatlarning 42%i kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning to‘qqiz oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.
27-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda kiberjinoyatlar soni bir yilda 16 mingdan oshgani, aholi qariyb 2 trln so‘m zarar ko‘rgani aytilgan edi.
Spot, avvalroq, darknet nima va nega u yerda ma’lumotlar sotilishi haqida yozgandi.
