O‘zbekiston Hindistondan hayvonlar va ularning mahsulotlari importiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatdi, deya xabar bermoqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.
Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga binoan, 2026-yil 29-yanvardan mamlakatning barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek ushbu davlatning G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi.
Qayd etilishicha, mazkur cheklov Nipax virusining O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida o‘rnatildi.
Hujjatda Xalqaro hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti (WOAH) hamda ochiq manbalarda e’lon kilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipax virusining tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani ta’kidlangan.
Zarur hollarda davlat veterinariya xizmati tomonidan epizootik jihatdan sog‘lom hududlar bo‘yicha import masalasi alohida tartibda ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilandi.
Avvalroq Mo‘g‘ulistonning 27 nafar go‘sht ishlab chiqaruvchi kushxonalari va o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, uning doirasida kelgusi yilda O‘zbekistonga go‘sht importi 3 barobarga oshirilib, 3 ming tonna arzon va sifatli go‘sht yetkazish choralari belgilab olindi.
Shuningdek, O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish rejalashtirmoqda. Mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari bilan ko‘paytirish orqali ularning soni 2029-yil yakunigacha 1 mln boshga yetkaziladi.
2025-yilning 1-avgustidan 2027-yilning 31-dekabrigacha tadbirkorlarga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni havo transporti orqali mamlakatga import qilish xarajatlarining 50%i budjetdan qoplab beriladi.
Ularga QQSni to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq, Spot Qirg‘iziston qoramol eksportini olti oyga taqiqlamoqchiligi haqida yozgandi. Cheklov ot, qo‘y va echkilarga ham tegishli bo‘lib, u ichki bozorni ta’minlash hamda narxlarni barqarorlashtirishga qaratilgan.
