Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni maʼqulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.

Xususan, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda.

Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham anʼanaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksi ga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda.

Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtiriladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda islomiy bank

2025-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.

Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi.

Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.

Xalqaro ekspert Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasida foizsiz bankning qanday ishlashi mumkinligini va butun model nima uchun “puldan pul” yaratishga emas, balki haqiqiy aktivlarga asoslanganligini Spot’ga tushuntirib bergandi.

O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida mamlakatda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgandi.


Avvalroq senat PayPal, Apple Pay va Google Pay uchun shaxsiy maʼlumotlarga oid qonunga o‘zgartirishlarni maʼqullagandi.