Avvalroq 4-fevral kuni qabul qilingan qonun (O‘RQ-1116-son) bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgani haqida xabar berilgandi.
Qonunga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilandi.
Bunday texnika vositalari orqali quyidagi ma’muriy huquqbuzarliklar qayd etiladi:
- xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik;
- transportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
- belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kmgacha oshirib yuborish;
- to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish va boshqalar.
Shuningdek, mazkur huquqbuzarliklar uchun jazo qo‘llash muddatlari aniq belgilandi.
Yo‘l qoidalari buzilganligi foto va video orqali qayd etilganda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmay qo‘llanadi. Ya’ni, qaror bir oydan kechiktirilib chiqarilsa, jazo qo‘llanilmaydi.
Ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran 1 yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
2025-yilning iyun oyida deputatlar yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 13 ta moddasida kameralar orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklar aniq belgilangan. Senat ushbu qonun loyihasini noyabr oyida maʼqulladi.
Avvalroq Spot 2025-yilda 165 mingdan ortiq haydovchi jarima ballari olgani haqida yozgandi. Uchta haydovchi 7,5−8 ballgacha, yana ikkitasi esa 6,5−7 ballgacha to‘plagan.
