Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chiqindi yoqish zavodlari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.

Agentlik direktori hamda Xitoyning Wangneng Environment, CHSET va Beijing China Science Runyu Environmental Technology (CSET) kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida chiqindilarni yetkazib berish bitimi imzolangan.

2-fevral kuni Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hamda 4-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida loyihalar qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Jumladan, Kogon tumanining “Guliston” MFY hududida Wangneng Environment kompaniyasi ishtirokida $165 mlnlik investitsiya asosida maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi quriladi.

Loyiha doirasida zavod yiliga 547,5 ming tonna chiqindini qayta ishlab, 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Loyiha ishga tushirilganda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Angor tumani “Bahor” MFY hududida esa CHSET kompaniyasi ishtirokida $150 mlnlik maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi barpo etiladi.

Zavod yiliga 438 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, natijada 75 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Loyiha ishga tushirilgach 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur zavodlar 2028-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Korxonalar 30 yil faoliyat yuritadi.

Nukus tumanida quriladigan zavodga Beijing China Science Runyu Environmental Technology ishtirokida $80 mln investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Ushbu korxona ham 30 yil davomida faoliyat yuritadi.

Loyiha yiliga 274 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, natijada 80 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, hududda 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.


Avvalroq Turkiya kompaniyasi Samarqandda chiqindilarni saralash loyihasiga $10 mln sarmoya kiritishi haqida xabar berilgandi.