O‘zbekiston Turkiyaning MT Makina kompaniyasi bilan chiqindilarni qayta ishlash texnikalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Agentlik direktori Sharifbek Hasanov Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi doirasida kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar chiqindilarni qayta ishlash va boshqarish obyektlarini yaratish, shuningdek, ular uchun uskunalar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.
Ular Samarqand viloyatida umumiy qiymati $10 mlnlik loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Ular bo‘yicha asosiy ishlar 2027-yil yakuniga qadar bajariladi.
Kelishuvlar doirasida kuniga 500 tonna maishiy chiqindilarni saralash stansiyasi quriladi. Shuningdek, yiliga 1 ming dona konteyner va maxsus texnika ishlab chiqaradigan zavod tashkil etish rejalashtirilgan.
Qo‘shma korxonalarda 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ularning umumiy faoliyat ko‘rsatish muddati 20 yil deb baholanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil oxirida sanitariya jihatidan tozalash va chiqindilarni qayta ishlash sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar uchun imtiyozlarni tasdiqlagan edi.
2031-yil boshigacha ular foyda solig‘i va ijtimoiy soliqni quyidagi ikkita shart bajarilganda 1% stavka bo‘yicha to‘laydilar:
- korxonaning chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va (yoki) qayta ishlashdan olgan daromadlari hisobot davridagi umumiy daromadlarning kamida 90%ini tashkil etishi kerak;
- barcha xodimlar eng kam oylik ish haqining 2 baravaridan (2,542 mln so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda oylik oladi.
Avvalroq Spot China Everbright Namanganda chiqindi yoqish zavodi qurilishini boshlagani haqida yozgandi.
Zavod kuniga 1500 tonna chiqindini utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan. Uni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
