Davlat organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash faoliyati baholanadi. Bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, 341-son qarorga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatini baholash va toifalash to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Nizom talablari davlat tashkilotlari xodimlarining Prezident Virtual qabulxonasi bilan ishlash tizimida ro‘yxatga olingan va davlat organiga ijro uchun yo‘naltirilgan murojaatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati kelib tushgan murojaatlar soniga qarab turli toifalarga ajratiladi. Ularga ro‘yxatga olingan, qanoatlantirilgan va rad etilgan murojaatlar, shuningdek ijro muddatlari buzilgan hamda takroriy murojaatlar kiradi.
Murojaatlar bilan ishlash faoliyati tahlil natijalariga ko‘ra uch toifaga ajratiladi: yuqori natijadorlikka ega — yashil toifa, o‘rta natijadorlikka ega — sariq toifa hamda past natijadorlikka ega — qizil toifa.
Baholash natijalariga asosan davlat organlari mansabdor shaxslarining KPI ko‘rsatkichlari belgilanadi.
Yashil toifaga kiritilgan holatlarda KPI 100%ni tashkil etadi. Sariq toifa uchun KPI 50% darajasida belgilanadi. Qizil toifaga kirgan holatlarda esa KPI ko‘rsatkichi 10%ni tashkil etadi.
Qizil toifaga kiritilgan davlat organlarining rahbarlari yoki ularning tegishli o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy taʼsir choralari ko‘rilishi mumkin.
Avvalroq yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlarga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tuzatish tartibi tasdiqlangandi.
