Ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotni tahrirlash tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, fuqaro murojaatiga asosan yashash joyi manzili haqidagi noto‘g‘ri maʼlumot tizimda tahrirlanib, yangilangan qayd varag‘i beriladi.
Mulkdor murojaatiga asosan ko‘chmas mulk manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxs haqidagi noto‘g‘ri maʼlumot tizimda tahrirlanib, yangilangan maʼlumotnoma beriladi.
IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy bo‘linmalari mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.
Ariza beruvchi so‘rovnoma berish uchun vakolatli organ yoki davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat qiladi yoki Yagona portal dan elektron foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Vakolatli organga kelib tushgan so‘rovnoma 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.
So‘rovnomada ko‘rsatilgan maʼlumotlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, tahrirlangan maʼlumot tizim orqali QR-kod qo‘ygan holda tasdiqlanadi. Shu kunning o‘zida ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
Avvalroq to‘rtta hududda o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi Aqlli migratsiya shoxobchalari ochilishi haqida xabar berilgandi. Shoxobchalar orqali xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun ariza yuborish, yashash joyi bo‘yicha maʼlumotnoma olish mumkin.
