Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida eng ko‘p qimmatlashgan tovarlar va xizmatlar ro‘yxatida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (OSAGO) birinchi o‘rinni egalladi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan oyda shaxsiy avtotransportni sug‘urtalash 281,8%ga qimmatlashdi — bu yanvar oyidagi asosiy inflyatsiya omili bo‘ldi.

Sug‘urta polisining keskin qimmatlashishiga 2026-yildan boshlab OSAGO sug‘urta summasining ikki barobarga — avvalgi 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oshirilgani sabab bo‘ldi. Natijada hududlarda yengil avtomobillar uchun sug‘urta polisi narxi to‘rt barobarga — 40 ming so‘mdan 160 ming so‘mgacha, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida esa 3,42 baravarga, ya‘ni 56 ming so‘mdan 192 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Shu bilan birga, Toshkent shahri va poytaxt tumanlari uchun oshiruvchi koeffitsiyent 1,4 dan 1,2 gacha pasaytirildi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi haydovchilar soniga qarab (5 nafargacha va undan ortiq) cheklangan va cheklanmagan doiradagi haydovchilar uchun sug‘urta polislarini rasmiylashtirish tartibini belgiladi.

Haydovchilar soni cheklangan (5 kishigacha) OSAGO bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun yangi narxlar:

  • yengil avtomobil — 192 ming so‘m;
  • yuk avtomobili — 336 ming so‘m;
  • avtobus va mikroavtobuslar — 384 ming so‘m;
  • tramvay, mototsikl, traktor — 72 ming so‘m.

Boshqa hududlar uchun:

  • yengil avtomobil — 160 ming so‘m;
  • yuk avtomobili — 280 ming so‘m;
  • avtobus va mikroavtobuslar — 320 ming so‘m;
  • tramvay, mototsikl, traktor — 60 ming so‘m.

Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar uchun:

  • yengil avtomobil — 320 ming so‘m;
  • yuk avtomobili — 560 ming so‘m.

OSAGO tariflari nima uchun qayta ko‘rib chiqildi?

2024-yil may oyida ILMA transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tarifi miqdori qayta ko‘rib chiqilayotganini, buning uchun takliflar qabul qilinayotganini e’lon qildi.

Regulyator yil davomida sug‘urta tovonini to‘lash kechiktirilganligi va yetkazilgan zararni qoplash uchun to‘lovning eng yuqori miqdori yetarli bo‘lmaganligi uchun fuqarolar murojaatlari keskin oshganini qayd etdi — 2 700 ta shikoyat yoki ularning 50%dan ortig‘i.

Jahon banki statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda iste’mol narxlari indeksi 160%ga, eng kam ish haqi 265%ga, bazaviy hisoblash miqdori esa 168%ga oshgan. Natijada avtomobillar, ularning ehtiyot qismlari va butlovchi qismlari, shuningdek, ta’mirlash xizmatlari narxlari oshishi kuzatilmoqda.

Masalan, UzAuto Motors avtomobillari tannarxining oshishi o‘rtacha 154,5%ni tashkil etdi. 2023-yili xorijiy avtomobillar importi 2,4 baravarga oshib, 73 ming donaga yetdi. Shu bilan birga, chetdan olib kelinayotgan avtomobilning o‘rtacha narxi 300 mln so‘mdan oshdi.

Agentlikning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekistonda sug‘urta summasi va sug‘urta mukofoti qo‘shni davlatlar, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjonga nisbatan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘zbekiston Aktuariylar jamiyati takliflarini inobatga olgan holda, ILMA OSAGO bo‘yicha sug‘urta summasi miqdorini 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oshirishni taklif qildi. Aksariyat hollarda, taklif qilingan miqdor budjet segmentidagi avtomobillar uchun yetkazilgan zararni qoplashga yetarli bo‘ladi, deya qayd etadi regulyator.

Avvalroq yanvar oyida oylik inflyatsiya 0,7%gacha pasaygani haqida xabar berilgandi.