2025-yilda O‘zbekistonda qonuniy taksi bozori hajmi 9,6 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

O‘tgan yil davomida soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan taksi agregatorlari soni 155 tadan 224 taga yetdi. Jami 479 mlnga yaqin sayohat amalga oshirildi (o‘sish 49,6%).

Yo‘l haqi uchun to‘lovlarning asosiy qismi naqd shaklda — 6,74 trln so‘m (70,2%), naqd pulsiz shaklda esa 2,87 trln so‘m (27,8%) miqdorida amalga oshirildi. Biroq, onlayn to‘lovlar ulushi oshishda davom etmoqda. Bir martalik yo‘lovchi tashich o‘rtacha narx 20 ming so‘mdan oshdi (+8,3%).

Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 574,6 ming o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Haydovchilarning yarmidan ko‘pi (59,1%) 30−50 yoshda — 339 681 kishi, 30 yoshgacha — 189 547 kishi (33%), 50 yoshdan kattalar — 45 398 kishi (7,9%).

15,5 mingdan ortiq haydovchi yo‘lovchi tashish orqali 100 mln so‘mdan ko‘proq daromad topgan, ya’ni ular aylanmadan soliq to‘lash tizimiga o‘tgan.

Shu bilan birga, taksichilarning yarmidan ko‘pining umumiy daromadi 5 mln so‘mgacha bo‘lgan.

Haydovchilarning daromadi quyidagicha taqsimlandi:

  • yiliga 1 mln so‘mgacha — 159,7 ming kishi (umumiy sonning 27,7%i);
  • 1 mln so‘mdan 5 mlngacha — 146,7 ming kishi (25,5%);
  • 5 mln so‘mdan 10 milliongacha — 71,8 ming kishi (12,4%);
  • 10 mln so‘mdan 50 mlngacha — 143,8 ming kishi (25%);
  • 50 mln so‘mdan 100 mlngacha — 36,9 ming kishi (6,4%);
  • 100 mln so‘mdan yuqori — 15,5 ming kishi (2,69%).

Taksida eng ommabop avtomobil Cobalt bo‘lib qolmoqda (umumiy sonning 23,7%i). Shuningdek, kuchli beshlikka Nexia (20,7%), Lacetti (16,9%), Spark (11,6%) va Matiz (8,1%) ham kirgan. Elektromobillar esa avtoparkning atigi 1,9%ini tashkil etadi.

Avtomobillarning aksariyati 1 yildan 5 yilgacha bo‘lgan yoshda, 1 yilgacha bo‘lganlari 4,3%ni, 5 yildan 10 yilgacha bo‘lganlari 11,3%ni, 10 yildan ortiqlari esa 26,5%ni tashkil etadi.

O‘tgan yil davomida agregatorlar tomonidan jami 128,2 mlrd so‘m soliq to‘langan bo‘lib, shundan 63,6 mlrd so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) to‘g‘ri kelgan.


Avvalroq O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan avtomobillarda taksichilik qilish cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.