O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish arafasida turibdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan, faqat Tayvan bilan kelishuv qolgan. Kelishuvga erishilgan davlatlar orasida AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada va boshqalar bor.

JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2023-yilda faollashdi. O‘shanda prezident jarayonni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi hamda JST masalalari bo‘yicha o‘zining maxsus vakili lavozimini joriy etdi. O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-vazirlar konferensiyasiga qadar tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda.

Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov Spot’ga bergan intervyusida O‘zbekiston nima sababdan tashkilotga a’zo bo‘layotgani, jarayon qaysi bosqichda ekani hamda JST a’zoligidan o‘zbekistonliklar nimalarni kutishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.


Azizbek Allaberganovich, dastavval, JST qanday tashkilot ekanligi va O‘zbekiston nima uchun unga a’zo bo‘lishga intilayotgani haqida gapirib bersangiz.

Jahon savdo tashkiloti (JST) — bu global savdoda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi universal va noyob tashkilotdir. U dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va o‘zaro savdo uchun aniq hamda shaffof “o‘yin qoidalari"ni belgilaydi. Hozirda JSTga 166 mamlakat a’zo bo‘lib, global tashqi savdo oqimlarining qariyb 97%i aynan shu tashkilot qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Nega biz JSTga a’zo bo‘lyapmiz? To‘g‘risini aytsam, 1994-yilning dekabrida a’zolikka ariza topshirganmiz. Tashkilotga qo‘shilish jarayoni 30 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. 2017-yildan boshlab Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida biz bunga yetilib keldik. A’zolikka ham ehtiyoj, ham zarurat mavjud, eng muhimi — mamlakat iqtisodiyoti bunga tayyor.

JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega? Xalqaro savdoda yirik davlatlar va katta iqtisodiyotlar bor, biz esa hali yirik iqtisodiyot emasmiz. Shu jihatdan, JST biz uchun o’ziga xos kafolat vazifasini bajaradi. Tashkilotga a’zo bo‘lgach, uning qoidalari va majburiyatlariga barcha davlatlar — katta, kichik yoki o‘rta bo‘lishidan qat’i nazar — birdek rioya qilishi shart bo‘ladi.

Katta mamlakatlar bilan savdo munosabatlarida ko‘pincha asimmetriya kuzatiladi: agar biz ularga nisbatan qandaydir savdo choralarini qo‘llasak, ularning umumiy savdo hajmida bizning ulushimiz sezilmas darajada kichik bo‘ladi. Aksincha, yirik davlat O‘zbekistonga nisbatan cheklovlar joriy etsa, bizning bunga javoban ta’sir o‘tkazish richaglarimiz juda kam.

JST aynan mana shu vaziyatda himoya kafolatini beradi. Bu tashkilot kichik davlatlar ham o‘z ovozi va pozitsiyasiga ega bo‘ladigan teng huquqli maydon hisoblanadi. Unda kichik davlatlar yirik mamlakatlardan kamsituvchi yoki adolatsiz choralarni bekor qilishni qonuniy asosda talab qila oladi. Shuning uchun ham dunyoning deyarli barcha davlatlari JSTga a’zo bo‘lishga intilmoqda.

So‘nggi yillarda JST doirasidagi sud organining faoliyati to‘xtatib qo‘yilganiga qaramay, JSTning asosiy tamoyillari hali ham amal qilayotganini unutmaslik lozim. Bular kamsitmaslik tamoyili, eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi va milliy rejim talablaridir. Ushbu asosiy tamoyillarning barchasi barcha mamlakatlarga nisbatan hamon amal qilmoqda va ular doirasida mamlakatlar o‘zaro savdo faoliyatini olib bormoqda.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish maqsadlari haqida gapiradigan bo‘lsak, tashkilotga a’zolik bizga eksportni oshirishga qanday yordam beradi?

Bu — bizning asosiy strategik maqsadlarimizdan biri. Men yuqorida kichik, o‘rta va yirik iqtisodiyotlarning o‘zaro munosabatlari haqida to’xtaldim: JST barcha mamlakatlarga o‘z pozitsiyasini himoya qilish imkonini beradi. Chunki kichik iqtisodiyot uchun yirik davlat bilan yakka-yakka bahslashish naqadar qiyinligini hammamiz tushunamiz.

Boshqa tomondan esa, 2017-yildan boshlangan islohotlarning mantiqiy yakuni shuni ko‘rsatmoqdaki, uzoq muddatli va yuqori sur’atli rivojlanish uchun har qanday holatda ham global va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirishimiz shart. Buning uchun esa bizga tashqi bozorlarga chiqish uchun ochiq va kafolatlangan yo’l kerak.

Uzoq yillar davomida biz proteksionizm siyosatini olib borib, o‘z ishlab chiqaruvchilarimizni har tomonlama himoya qilishga harakat qildik. Ko‘pchilik liberallashtirishni mahalliy biznesni zaiflashtiruvchi omil deb tushunadi. Aslida esa, tashqi bozorlarga chiqish yo‘lidagi sa’y-harakatlar uzoq muddatli rivojlanish uchun haqiqiy himoyadir.

Agar biz biznesni faqat ichkarida himoya qilsak, ertaga ichki bozor to‘yinadi. Undan keyin qayerga o‘samiz? Baribir tashqi bozorga chiqishga to‘g‘ri keladi. Agar bugun raqobat sharoitiga tayyorlanmasak, ertaga mahsulot yoki xizmatlarimizni qanday sota olamiz?

Shuning uchun ham, prezident tomonidan olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati — bu mahalliy kompaniyalarning uzoq muddatli istiqbolda rivojlanishi hamda biznesimizni keng ma’noda himoya qilish uchun ko‘rilayotgan choradir.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

O‘zbekiston uchun JST nima? Bir-ikki so‘z bilan ta’riflay olasizmi?

Bugungi kunda JST — bu zaruriyat. Iqtisodiyotimizning barqarorligini va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashimiz uchun kerak.

2026-yilda a’zo bo‘lsak, ariza topshirganimizga deyarli 32 yil bo‘ladi-ku?

Ha, 32 yil. Lekin shuni e’tiborga olish kerakki, haqiqiy, faol muzokaralarni biz faqat 2020-yildan boshladik.

1994-yilda ariza topshirdik, talablarni o‘rgandik, ammo ochig‘ini aytsam, ko‘p yillar davomida bu tashkilot mezonlariga tayyor emas edik. Ko‘pchilik buni valyuta konvertatsiyasi masalalari bilan bog‘laydi, biroq boshqa ko‘plab jihatlar bo‘yicha ham mos kelmasdik.

Masalan, GATTning 17-moddasida davlat savdo korxonalariga oid qat’iy talablar bor: iqtisodiyotda barcha tashqi savdo faoliyatiga teng kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart. To‘qsoninchi va ikki mingginchi yillarda esa bu faoliyat bizda asosan davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilardi. Maxsus kompaniyalar mutlaq huquqqa ega bo‘lib, oddiy biznesda eksport yoki import imkoniyati yo‘q edi. Hatto 10 yil oldin ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish huquqiga ega bo‘lgan korxonalar ro‘yxatini har yili tasdiqlar edik.

Jarayon 2020-yildan faollashdimi?

Islohotlar 2017-yilda boshlandi. Dastlabki uch-to‘rt yilda dolzarb, ustuvor vazifalarga: valyutani erkinlashtirish va tashqi savdoni liberallashtirishga e’tibor qaratdik. Bu masalalarni hal qildik, a’zolikka tayyorlandik. Ishonch bilan ayta olamanki, JSTga a’zo bo‘lish masalasi prezident islohotlar dasturining dastlabki kunidanoq kun tartibidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib kelgan.

Bu uch-to‘rt yillik tayyorgarlik korxonalarimizga tashqi savdo faoliyatini yuritishni: hamkorlar, importchilar bilan muzokaralar olib borishni, yangi sharoitlarga moslashishni o‘rganish uchun ham zarur edi.

Ilgari eksportyor korxonalar soni juda cheklangan edi, hozir esa ularning soni 6−7 mingdan oshdi. Bu, albatta, ijobiy ko‘rsatkich, biroq 600−700 ming xo‘jalik yurituvchi subyekti bor respublika miqyosida bu hali ham kamlik qiladi. Eksportga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Buning uchun raqobatbardoshlikni va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish lozim, bunga esa faqat sog‘lom raqobat muhitidagina erishish mumkin.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Muzokaralar endigina boshlanib, JSTga bo‘lgan qiziqishimizni qayta bildirgan paytda, hamkorlarimizda shubha-gumon paydo bo‘lmaganmidi?

To‘g‘risini aytganda, shubha nafaqat JST a’zolarida, balki mamlakatimiz ichida ham mavjud edi, chunki biz juda uzoq vaqt davomida a’zo bo‘lishga intilayotgandik. Tadbirkorlar bu jarayon abadiy davom etadi, deb o‘ylashardi. Shuning uchun bizning vazifamiz ham o‘z tadbirkorlarimizni, ham hamkorlarimizni niyatlarimizning jiddiyligi haqida ishontirishdan iborat edi.

Aniq qadamlar zarur edi. Islohotlar kuchaytirildi, idoralararo komissiya faoliyati jonlantirildi, qonunchilikni JST talablariga moslashtirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Ayrim davlat korxonalarining maxsus huquqlari bekor qilindi — prezident 2024-yilda tegishli farmonni imzoladi.

Biz eksport faoliyatini erkinlashtirdik. Ilgari ko‘plab tovarlar bo‘yicha vakolatli organlarning ruxsatnomasini olish talab qilinardi. Biz bu tartib-qoidalarni bekor qildik va ularning o‘rniga JST tomonidan ruxsat etilgan vosita — eksport bojini joriy etdik. Bu muhim qadam. Biz uchun ustuvor yo‘nalish — resurslarni mamlakat ichida qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat va marja xom ashyo bilan birga chet elga chiqib ketmasdan, O‘zbekistonda qolishidir.

Boj — shaffof mexanizm: agar xom ashyoni eksport qilmoqchi bo‘lsangiz, budjetga boj to‘laysiz, budjet esa o‘z navbatida respublikada qayta ishlashni rag‘batlantiradi. Ilgari esa alohida ruxsatnoma olish kerak edi va u qanday mezonlar asosida berilishi katta savol tug‘dirardi.

2024-yilda O‘zbekistonning 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lish niyati e’lon qilindi. Bu yangilik ko‘pchilikni hayratga soldi. Tushunishimcha, bu xabar ataylab niyatimizning jiddiyligini ko‘rsatish uchun berildimi?

Mutlaqo shunday. 2023-yilda bu jarayonni faol boshlaganimizda, avvalo qiyinchiliklar va uni tezlashtirish yo‘llarini o‘rgandik, masalani ham biznes, ham hukumat bilan muhokama qildik. Biznesning bunga ishonishi va moslashishni boshlashi uchun aniq muddatlarni belgilash muhim edi.

Shundan buyon biznesni yangi qoidalarga moslashtirish uchun bosqichma-bosqich choralar ko‘rilmoqda. Ya’ni 2026-yilda a’zo bo‘lib, barcha qoidalarni bir kunda o‘zgartirib yuborish rejalashtirilmagan. Aksincha, o‘zgarishlar 2017-yildan buyon davom etmoqda, so‘nggi uch-to‘rt yil ichida esa aynan JST talablariga alohida urg‘u berildi. Natijada biznes yangi sharoitga asta-sekin ko‘nikib bormoqda.

Avval transport subsidiyalari bekor qilinsa, eksport keskin kamayadi, degan xavotirlar yangragan edi. Biroq amaliy natijalar boshqacha bo‘ldi: 2025-yilda eksport o‘sishi deyarli chorak qismni tashkil etdi. Bu, ayniqsa, o‘sish sur’atlari past bo‘lgan boshqa iqtisodiyotlar fonida sezilarli ko‘rsatkichdir.

Umuman olganda, JSTga a’zolik jarayoni bir necha yildan beri davom etmoqda va bu jarayonning ta’siri makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham aks etmoqda. Xususan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7,7%ni tashkil etdi.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Kirish jarayoni haqida gapiradigan bo‘lsak, hozir u qaysi bosqichda va yana nimalar qilish kerak?

Umuman olganda, jarayon uch yo‘nalishda olib borilmoqda: ikki tomonlama, ko‘p tomonlama va ko‘p tomonli muzokaralar shaklida.

Ikki tomonlama muzokaralarda biz a’zo davlatlar bilan bozorga kirish majburiyatlari bo‘yicha kelishuvga erishamiz. Bunda tovarlar bo‘yicha tarif choralari hamda xizmatlar bozoriga kirish shartlari muhokama qilinadi. Ko‘pincha bizdan barcha 166 ta davlat bilan muzokara olib boryapsizlarmi, deb so‘rashadi. Aslida esa muzokaralar asosan O‘zbekiston bilan faol savdo aloqalariga ega yoki istiqbolli hamkorlikni ko‘rayotgan davlatlar bilan olib borilmoqda.

Hozir 34 ta davlat bilan muzokaralar davom etmoqda. Shu bilan birga, erishilgan kelishuvlar JSTga a’zo barcha mamlakatlarga tatbiq etilishini tushunish muhim. AQSH, Yevropa Ittifoqi yoki Xitoy kabi yirik iqtisodiyotlar oxir-oqibatda eng qulay sharoit yaratish tamoyili bo‘yicha barchaga bir xil qo‘llaniladigan shartlar haqida kelishib olishadi.

Jarayonning ikkinchi yo‘nalishi — ishchi guruh doirasidagi ko‘p tomonlama muzokaralardir. Hozir ishchi guruh tarkibiga JSTga a’zo 63 ta davlat kiradi. Ushbu platformada iqtisodiyotni tartibga solishning tizimli masalalari — boshqaruv mexanizmlari va ularning JST bitimlariga muvofiqligi muhokama qilinadi. So‘nggi uch-to‘rt yil davomida bunday yig‘ilishlar yiliga ikki marta o‘tkazilmoqda.

Taqqoslash uchun: ishchi guruh 1994-yil dekabrida tuzilgan. 1995-yildan 2022-yilgacha atigi beshta majlis o‘tkazilgan, 2005−2018-yillarda esa jarayon to‘xtab qolgan edi. So‘nggi uch yil ichida esa oltita yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, yettinchi majlisni fevral oxiri — mart boshida, vazirlar konferensiyasi arafasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchinchi yo‘nalish — ko‘p tomonli muzokaralar bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shartlariga taalluqlidir. Xususan, kelgusida davlat tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yordam hajmi muhokama qilinmoqda. Bu yerda de minimis tamoyili amal qiladi: rivojlangan mamlakatlar uchun chegarasi yalpi ishlab chiqarishning 5%i, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun esa 10%igacha yetadi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun maksimal — 10%lik chegarani olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu bois, JSTga a’zo bo‘lish fermerlarni xonavayron qiladi, degan fikrlar asosli emas. Tashkilot qishloq xo‘jaligini ma’lum darajada qo‘llab-quvvatlashga ruxsat beradi, chunki bu oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq masala hisoblanadi.

Agar o‘quvchilarga qisqacha tushuntiradigan bo‘lsak: avval qiziqish bildiriladi, keyin esa mamlakat haqida batafsil ma’ruza tayyorlanadimi?

Jarayon quyidagicha kechadi. Avvalo ishchi guruh tuziladi va unga Tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi memorandum taqdim etiladi. Unda mamlakatda savdo qanday tartibga solinishi batafsil bayon qilinadi.

Keyingi bosqich — faktologik xulosa tayyorlash. Bu jarayonda nafaqat tashqi savdo, balki umuman iqtisodiyotni tartibga solish tizimi ko‘rib chiqiladi: teng sharoitlar yaratish, eng ko‘p qulaylik tamoyili va milliy rejim prinsiplari muhokama qilinadi.

Shundan so‘ng ishchi guruh ma’ruzasining asosiy elementlari shakllantiriladi. Unda mamlakat zimmasiga olinadigan majburiyatlar qayd etiladi.

Yakuniy bosqich — ishchi guruh ma’ruzasining o‘zi. O‘zbekiston 2024-yildan buyon aynan shu bosqichda turibdi. Ushbu hujjat JSTning barcha a’zolari tomonidan ma’qullanadi va unda ikki tomonlama muzokaralar natijalari hamda qabul qilingan barcha majburiyatlar aks ettiriladi.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Muddat yaqinlashmoqda. 2026-yil mart oyiga qadar JSTga a’zo bo‘lishga ulguramizmi?

2026-yil mart oyi JSTning oliy organi — vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgani sababli mezon sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbekistonning hozirgi ish sur’ati bu muddatga tayyor bo‘lish imkonini bermoqda. Biroq dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Bosh kengash yig‘ilishida ayrim xavotirlarni ham bildirdim.

Gap shundaki, ayrim jarayonlar ko‘proq vaqt talab qilmoqda. Xususan, AQShda savdo siyosati ustuvorliklari o‘zgargan. Ular global savdo tizimidagi ayrim yirik iqtisodiyotlar adolatsiz raqobat yuritayotganini ta’kidlab, yangi a’zolar masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Shu bois O‘zbekiston tomonidan eksportni taqiqlangan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash holatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun hujjatlar sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda.

Ba’zan 8−9 oy davomida ham savollar yoki takliflarimizga javob ololmaymiz. Bu esa protsessual rasmiylashtirish muddatlariga ta’sir ko‘rsatishi va vazirlar konferensiyasiga qadar barcha hujjatlarni yakunlash imkoniyatini murakkablashtirishi mumkin.

Lekin biz bor kuchimizni sarflamoqdamiz. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. AQSH pozitsiyasi bo‘yicha aniqlik kutilmoqda. Hatto vazirlar konferensiyasiga ulgurilmagan taqdirda ham, JST Bosh kengashi doirasida jarayonni yil oxirigacha yakunlash imkoniyati mavjud.

2026-yil — strategik maqsad. O‘zbekiston hozir jarayonning yakuniy bosqichida turibdi va joriy yil davomida JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lish niyatini saqlab qolmoqda. Vazirlar konferensiyasiga ulgurish faqat mamlakatning o‘ziga bog‘liq emas, ammo bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.

Muzokaralarda qaysi mavzular eng murakkab bo‘ldi?

Aslida, o‘ta murakkab savollar yo‘q. Bu jarayon respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning bir qismidir. Faqat ba’zi masalalar darhol hal qilinmaydi, ularga vaqt kerak. Masalan, xususiylashtirish — uni bir kunda yakunlash mumkin emas. Davlat korxonalarni arzon yoki garovga sotilmasligi uchun ular transformatsiya qilinib, tayyorlanishi zarur.

Bunda ijtimoiy jihat ham muhim rol o‘ynaydi. Agar korxonada ming kishi ishlayotgan bo‘lsa va yangi sarmoyador faqat besh yuz kishini ish bilan ta’minlashni rejalashtirsa, qolgan xodimlar uchun davlat oldindan yangi ish o‘rinlarini yaratishi lozim. Shu bilan hukumat nafaqat aktivlarning bozor qiymatini, balki aholini ish bilan ta’minlashni ham hisobga oladi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti JSTga a’zo bo‘lishga qanchalik tayyor? Bojlar pasaytirilgandan so‘ng import ko‘payib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni siqib chiqarishi mumkin emasmi?

JSTga a’zo bo‘lish albatta raqobatni kuchaytiradi, lekin bu barcha korxonalar yopiladi degani emas. Aytganimdek, O‘zbekiston bir necha yildan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shartlar bir kunda keskin o‘zgarmaydi. Nozik masalalar bo‘yicha biznesni moslashtirish uchun o‘tish davrlari haqida kelishib olyapmiz.

Biz qat’iy ishonamiz: agar korxonalar samaradorlikka intilib, tashqi bozorlarga chiqishga tayyor bo‘lsa, JSTga a’zo bo‘lish ularga hech qanday xavf tug‘dirmaydi.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bilasizmi, hozirga qadar importni yomon ko‘rish — valyuta mamlakatdan chiqib ketadi, degan nuqtai nazar mavjud. Sizningcha, bu tafakkur o‘zgarishi uchun qancha vaqt kerak?

Aslida, import har doim yomon emas. Ko‘p hollarda aynan import orqali ishlab chiqarish uchun zarur resurs va xomashyoga ega bo‘lamiz. Muhim vazifa — qo‘shimcha qiymatni chet elda emas, mamlakatimiz ichida yaratish. Masalan, import qilgan xomashyoni qayta ishlash orqali ish o‘rinlari yaratiladi, soliqlar orqali davlatga daromad tushadi, ish haqi orqali aholi foyda ko‘radi va biznes tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu tariqa, import iqtisodiyot uchun foydali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar ham resurslarga oson kirish bilan birga, tayyor iste’mol tovarlarini cheklashga intiladi. Chunki qo‘shimcha qiymat ko‘pincha qayta ishlashning so‘nggi bosqichlarida hosil bo‘ladi. Shu sababli ikki tomonlama muzokaralarda O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymat yaratilishini rag‘batlantiradigan shart-sharoitlar yaratishga e’tibor qaratamiz.

Masalan, xomashyoni respublika ichida qayta ishlashni rag‘batlantirish uchun eksport bojlari va sanoat uchun zarur import resurslari masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Eng samarali ishlab chiqarish va raqobatbardosh tayyor mahsulot yaratish uchun resurslar arzon bo‘lishi muhim.

Biz ana shu tamoyillar asosida muzokaralar olib bormoqdamiz. Hozir JST jarayonida faqat bitta a’zosi bilan muhokama qoldi, va biz uni yaqin kelajakda yakunlashni maqsad qilganmiz.

Ma’lumki, JSTga a’zo bo‘lishda o‘tish davri mavjud. Qaysi tarmoqlar yoki tovarlar uchun o‘tish davrini oldik va u qancha davom etadi?

Ikki tomonlama muzokaralar maxfiy bo‘lgani uchun tafsilotlarni oshkor qila olmayman. Agar bir tomonga shartlar aytilsa, ikkinchi tomon o‘z talablarini o‘zgartirishi mumkin. Bu JSTning aniq qoidasi. Barcha bosqichlar yakunlangach, natijalar umumlashtiriladi va aniq majburiyatlar shakllanadi. Shundagina biz ularni e’lon qilamiz. Ammo shuni aytishim mumkinki, ta’sirchan sohalar bo‘yicha o‘tish davrlarini olishga harakat qildik.

Ilgari bu muddat 2−3 yil deb aytilgan edi. Bu ma’lumot qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi?

Umumiy qoidalar mavjud. Rivojlangan mamlakatlarga o‘tish davri deyarli berilmaydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarga odatda 3 yildan 5 yilgacha, ayrim hollarda 10 yilgacha beriladi. Eng kam rivojlangan mamlakatlarga esa 5 yildan 15 yilgacha muddat berilishi mumkin.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Siz ta’sirchan sohalarni tilga oldingiz. JSTga a’zo bo‘lgandan so‘ng bu asosiy tarmoqlar — to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

To‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun ulkan imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Biroq buning uchun ham to‘qimachilik, ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga texnik, sanitar va fitosanitar tartibga solish tizimini tubdan isloh qilishimiz shart. Masalan, pestitsidlar masalasi ko‘pincha rivojlangan mamlakatlar bozoriga kirishga to‘sqinlik qiladi. Hozirda biz tegishli qonunchilikni joriy etmoqdamiz.

Yevropa Ittifoqi 2021-yildan boshlab bizga GSP+ imtiyozlarini taqdim etdi, bunda 6200 ta pozitsiya bo‘yicha nol stavkalar amal qilmoqda. Ammo ularning standartlar va texnik tartibga solish bo‘yicha talablari juda qattiq. Bizning to‘qimachilik sohamiz hozircha bu talablarga to‘liq javob bera olmayapti. Shu bois biz nafaqat tariflar, balki notarif choralar, jumladan karantin va standartlar ustida ham faol ish olib bormoqdamiz.

Hozirda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida"gi yangi qonun qabul qilinmoqda, u “daladan dasturxongacha” bo‘lgan yaxlit tizimni yaratadi. Bu qonun pestitsidlar bo‘yicha normativlar va tashish talablariga aniq rioya etilishini ta’minlaydi. Bugungi kunda siz sut ishlab chiqarib, uni istalgan transportda do‘konga olib borishingiz mumkin, bunda xavfsizlik shartlariga rioya qilish masalasi ochiq qolmoqda. Yangi qonun butun zanjirni tartibga soladi. Tizim shaffof bo‘lgach, rivojlangan davlatlar o‘z bozorlariga yo‘l ochadi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda texnik xususiyatga ega bo‘lgan notarif to‘siqlar ko‘payib borayotganga o‘xshaydi. JST talabiga ko‘ra tariflar pasaytirilsa, lekin bu to‘siqlar a’zolikdan keladigan barcha foydalarni yo‘qqa chiqarish xavfi yo‘qmi?

To‘g‘risini aytganda, bunday choralarni biz boshqa davlatlardan o‘rganganmiz. Ko‘pchilik ularga murojaat qiladi. Biroq hozir urg‘ular o‘zgaryapti. Texnik jihatdan tartibga solish tizimi isloh qilinmoqda. Bu yerda asosiy maqsad importni cheklash emas, balki mahsulot xavfsizligini ta’minlashdir. Bu bir kunlik ish emas: texnik reglamentlar va standartlarni qayta ko‘rib chiqish talab etiladi. JST talablariga ko‘ra, standartlar ixtiyoriy hisoblanadi. Majburiy talablar xavfsizlik maqsadidagina faqat texnik reglamentlar orqali o‘rnatilishi mumkin.

O‘tgan yili bu tizimni isloh qilish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Yangi amaliyotlar joriy etildi, masalan, deklaratsiyalash, bunda import qiluvchi yoki ishlab chiqaruvchi xavfsizlik parametrlarining muvofiqligi to‘g‘risida o‘zi ma’lumot beradi. Shuningdek, biz “korxona standarti” tushunchasini joriy etyapmiz. Avval standartlar ko‘pincha majburiy bo‘lgan va faqat milliy darajada amal qilgan. Endilikda esa ular ixtiyoriy tus olmoqda, korxonalar esa o‘z standartlarini muayyan iste’molchi yoki bozor talablariga — xoh u Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Koreya yoki Yaponiya bo‘lsin — moslashtirishi mumkin bo‘ladi.

Oddiy iste’molchilar nuqtayi nazaridan qaraganda, JSTga a’zo bo‘lgach nimalar o‘zgaradi? Bojlar kamayishi hisobiga narxlar pasayishini kutish mumkinmi?

Albatta. JSTga kirish ko‘plab tovarlar bo‘yicha bojxona bojlari pasayishini anglatadi. Bu iste’molchilar uchun tanlovning kengayishi, sifatning yaxshilanishi va narxlarning hamyonboplashuviga olib keladi. Raqobat kuchayishi har doim yoki narxlarning tushishiga, yoki sifatning oshishiga sabab bo‘ladi, ko‘pincha esa har ikkisi birgalikda yuz beradi. Natijada aholining xarid qobiliyati yaxshilanadi.

Biznes uchun ham bu ijobiy jarayon. Raqobat samaradorlikni oshiradi va tashqi bozorlarga chiqish imkonini beradi. Bu esa uzoq muddatli rivojlanishning muhim kafolatidir. Nega deyarli barcha mamlakatlarda Coca-Cola, Samsung yoki Toyota mavjud? Chunki bu kompaniyalar boshidanoq global bozorni ko‘zlab rivojlangan. Umid qilamanki, bizda ham kelajakda barcha qit’alarda faoliyat yuritadigan korxonalar paydo bo‘ladi.

azizbek urunov, jahon savdo tashkiloti, jst, bojlar

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

JSTga a’zo bo‘lgandan so‘ng import bojlari qanchaga kamayadi?

Buni hozircha ochiqlay olmayman. Ozgina vaqt qoldi. Muzokaralarni yakunlab, yakuniy majburiyatlarni shakllantirganimizdan so‘ng aniq raqamlarni e’lon qilaman. Ular hamma uchun ochiq bo‘ladi va qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Demak, JST bizni boj stavkalari bo‘yicha cheklaydimi? Ularni majburiyatlardan yuqori darajaga ko‘tara olmaymizmi?

Buni cheklov sifatida qabul qilish kerak emas. Bu — shaffoflik va oldindan bashorat qilinuvchanlik masalasi. Biznes va hamkorlar maksimal boj stavkalarimizni oldindan biladi, bu esa hamkorlik bo‘yicha qarorlar qabul qilishni osonlashtiradi.

Avvalroq Jahon banki JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga 17% iqtisodiy o‘sish olib kelishini baholagan edi. Iqtisodiyot qancha foyda ko‘rishi bo‘yicha yangi hisob-kitoblar bormi?

O‘tgan yili JSTning 30 yilligi munosabati bilan yakuniy tahlillar o‘tkazildi. Baholashlarga ko‘ra, tashkilotga a’zo bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar unga kirmagan davlatlarga nisbatan o‘rtacha 1,5% tezroq o‘sgan.

Agar biz 10−15 yil davomida har yili kamida 1% qo‘shimcha o‘sish impulsini olsak, bu iqtisodiyot va aholi farovonligini tubdan o‘zgartiradigan ulkan samara beradi. Hozirgi $147 mlrd YIM sharoitida hatto 1% ham yiliga qo‘shimcha $1,5 mlrd demakdir va bu ta’sir geometrik progressiya bo‘yicha ortib boradi.

2026-yil endigina boshlandi, mamlakat oldida katta vazifalar turibdi. JST nuqtayi nazaridan bu yilni qanday ta’riflardingiz?

Bu yil nihoyatda muhim va murakkab bo‘ladi, biroq biz jarayonni mantiqiy yakuniga yetkazishimizga ishonchimiz komil.

Shu bilan birga, JSTga a’zo bo‘lish jarayonning oxiri emas-ku? Hammasi endi boshlanmoqdami?

Bu faqat yangi boshlanish. A’zolikdan so‘ng o‘tish davrlari va zarur islohotlar kutib turibdi. JSTga a’zo bo‘lishning o‘zi barcha muammolarni mo‘jizaviy tarzda hal qilib bermaydi — natija ichki islohotlarga bog‘liq bo‘ladi. Prezident hukumat oldiga katta vazifalar qo‘ymoqda. JST esa bu maqsadlarga tezroq va samaraliroq erishishimiz uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi.