Angliyada akkumulyatorli birinchi yo‘lovchi elektr poyezdi ishga tushdi, deya xabar bermoqda hi-tech mail nashri xabar berdi.
Great Western Railway temir yo‘l kompaniyasi faqat akkumulyator batareyalarida ishlaydigan mamlakatdagi birinchi yo‘lovchi poyezdini muntazam foydalanishga topshirdi.
Bundan tashqari, ushbu tarkib sinovlar davomida 323 kilometr masofani bitta zaryadkada bosib o‘tib, jahon rekordini o‘rnatdi, bu Londondan Bristolgacha bo‘lgan masofaga teng.
230-sinf poyezdi G‘arbiy Londondagi 5 millik (8 km) Grinfords tarmog‘ida qatnovni boshladi va dizel tarkib o‘rnini egalladi. Bu ishga tushirilish noyob tezkor zaryadlash tizimi bo‘yicha 22 oylik sinovlar yakuni bo‘ldi.
Asosiy yangilik — oraliq stansiyalarda o‘ta tez zaryadlash. Vest-Iling stansiyasida poyezd atigi 3,5 daqiqa to‘xtaydi. Bu vaqt ichida bir necha metr relsga o‘rnatilgan 2000 kVt quvvatga ega maxsus zaryadlovchi qurilma energiyani akkumulyatorlarga uzatadi.
Tizim faqat tarkib uning ustida aniq joylashganda ishga tushadi, bu esa jarayonni xavfsiz va samarali qiladi.
“Bizning sinovlarimiz batareya texnologiyalari to‘liq kontakt tarmog‘ini o‘tkazish mumkin bo‘lmagan yoki maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda ishonchli muqobil ekanligini muvaffaqiyatli ko‘rsatdi”, — dedi temir yo‘l kompaniyasi texnik direktori Saymon Grin.
Batareyali elektropoyezdlar bo‘yicha avvalgi jahon rekordi 223 kilometrni tashkil etgan va Germaniyaning Stadler ishlab chiqaruvchisiga tegishli bo‘lgan.
Britaniyaning yangi natijasi undan 90 kilometrga ustun bo‘lib, texnologiyani mintaqaviy yo‘nalishlar uchun amalda qo‘llash mumkinligini isbotlaydi.
Poyezd to‘rt bekatda to‘xtab, yo‘lni 12 daqiqada bosib o‘tadigan Grinford liniyasidagi ekspluatatsiya “jonli laboratoriya"ga aylanadi. Operator texnologiyani kengaytirishdan oldin real sharoitlarda ishlash bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdi.
Poyezdning ishga tushirilishi keyingi o‘n yil ichida dizel poyezdlaridan butunlay voz kechish bo‘yicha Britaniya dasturining bir qismidir.
Avvalroq O‘zbekiston temir yo‘llari va Talgo 80 mln yevrolik shartnoma imzolagani haqida xabar berilgandi.
Ispaniya kompaniyasi 10 yil davomida Afrosiyob tezyurar poyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatadi.
