Yevropa Komissiyasi (YK) TikTok platformasining foydalanuvchilarda qaramlik uyg‘otuvchi dizaynini Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun (DSA)ni buzish deb dastlabki tarzda tan olganini ma’lum qildi.

YK xulosalariga ko‘ra, TikTok misolida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik “cheksiz pastga siljish, avtomatik ijro, push-xabarnomalar va yuqori darajada shaxsiylashtirilgan tavsiya tizimi” kabi xususiyatlar bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan.

Dastlabki tekshiruvi shuni ko‘rsatadiki, TikTok ushbu odatga aylantiruvchi funksiyalar foydalanuvchilarning, jumladan, voyaga yetmaganlar va zaif kattalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga qanday zarar yetkazishi mumkinligini to‘g‘ri baholamagan.

Masalan, foydalanuvchilarni doimiy ravishda yangi kontent bilan “mukofotlash” orqali TikTok dizaynining ba’zi elementlari lentani aylantirishni davom ettirish istagini uyg‘otadi va foydalanuvchilarning miyasini “avtopilot rejimi"ga o‘tkazadi, deya tushuntiradi Bryussel.

“Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu majburiy xatti-harakatlarga olib kelishi va foydalanuvchilarning o‘z-o‘zini nazorat qilishini kamaytirishi mumkin” — deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, TikTok o‘z bahosida ilovadan majburiy foydalanishning muhim ko‘rsatkichlarini, masalan, voyaga yetmaganlarning TikTok’da kechasi o‘tkazadigan vaqti, foydalanuvchilarning ilovani ochish chastotasi va boshqa potensial ko‘rsatkichlarni e’tiborsiz qoldirgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bolalar va o‘smirlarning rivojlanayotgan ongiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun platformalarga abonentlar tomonidan ulardan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni yuklaydi. Yevropada biz bolalarimiz va fuqarolarimizni internetda himoya qilish uchun qonunchiligimizga rioya qilinishini ta’minlaymiz”, — dedi YK raisining ijrochi o‘rinbosari Xenna Virkkunen.

Yevrokomissiya fikricha, TikTok o‘zining qaram qilib qo‘yadigan dizayni bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish uchun oqilona, mutanosib va samarali choralarni qo‘llamayotganga o‘xshaydi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, vaqtni boshqarish vositalari TikTokdan foydalanishni kamaytirish va nazorat qilishda samarasiz ko‘rinadi, chunki ularni osonlik bilan e’tiborsiz qoldirish mumkin va ular faqat minimal to‘siqlarni yaratadi

Xuddi shunday, ota-ona nazorati samarasiz bo‘lishi mumkin, chunki bu nazorat vositalarini joriy etish uchun ota-onalardan qo‘shimcha vaqt va ko‘nikmalar talab etiladi, deb ta’kidlanmoqda Yevropa Komissiyasida.

“Hozirgi bosqichda komissiya TikTok o‘z xizmatining asosiy dizaynini o‘zgartirishi zarur deb hisoblamoqda. Masalan, „cheksiz varaqlash“ kabi qaram qilib qo‘yadigan asosiy funksiyalarni bosqichma-bosqich o‘chirib borish, ayniqsa tungi vaqtlarda 'ekrandan foydalanish tanaffuslari’ni samarali joriy etish va tavsiyalar tizimini moslashtirish orqali,” deyiladi xulosada.

Shu bilan birga, aniqlik kiritilishicha, bu dastlabki xulosalar tergov natijasini oldindan belgilab qo‘ymaydi. Endi TikTok o‘z himoyalanish huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega ekanligi Bryusselda ma’lum qilindi.


Avvalroq Spot TikTok va Snap ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha da’voni hal qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, da’voni hal qilish TikTok va Snap’ning ayblovni tan olgani emas. Ular suddan tashqari kelishuvga erishgan, biroq shartlar noma’lum.