Prezidentning 2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish, aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi.

Yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta dehqonlarga har 10 ta xonani ixtisoslashtirgani uchun 2 mln so‘m subsidiya ajratiladi. Mahalladagi xonalarning 30%ini ixtisoslashtirgan usta dehqonlar 75 mln so‘m miqdorida qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, tomorqa va ijara yer maydonlaridagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini barpo etish uchun bir qator subsidiyalar nazarda tutilgan.

Sertifikatga ega meva daraxti ko‘chatlari narxining 50%i har bir ko‘chat uchun 30 ming so‘mdan oshmagan holda, meva turiga qarab o‘rnatilgan har bir tirgak narxining 50%i 70 ming so‘mgacha subsidiya qilinadi.

Shu bilan birga, har bir sotixga yomg‘ir suvini yig‘ish va yoki tomchilab sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha mablag‘ qoplab beriladi.

Suv taʼminoti og‘ir bo‘lgan hududlarda tomorqa va ijara yer maydonlarini sug‘orish uchun tik quduqlar burg‘ilash hamda quvvati kamida 10 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 70%i qoplab beriladi. Bunda ajratiladigan subsidiya miqdori 200 mln so‘mdan oshmasligi belgilangan.

Spot, avvalroq, pillachilik uchun ehtiyojmand oilalarga 20 mln so‘mgacha qarz berilishi haqida yozgandi.