Islom taraqqiyot banki (ITB) va O‘zbekiston o‘rtasida infratuzilma va ta’lim sohalarini rivojlantirishga qaratilgan ikki yirik moliyalashtirish bitimi imzolandi. Bu haqda bank rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Bitimlarni ITB prezidenti Muhammad Al-Jassir va O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzolashdi.
Birinchi kelishuv 4R40 Dashtobo-Zomin-Baxmal-G‘allaorol avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki ajratayotgan jami $192 mlnnning $70 mlnlik bosqichini nazarda tutadi.
Ushbu mablag‘ Jizzax viloyatida 4R40 mintaqaviy avtomagistralining 143 kilometr qismini ta’mirlash va yangilash, shuningdek 30 kilometr mahalliy hamda qishloq yo‘llarini qayta tiklashga yo‘naltiriladi.
Loyiha 200 ming aholi uchun transport tirbandliklarini bartaraf etishga va xavfsizlikni oshirishga qaratilgan. M39 xalqaro yo‘lagiga olib boruvchi bu muhim kirish yo‘lini modernizatsiya qilish bozorlar va ijtimoiy xizmatlarga kirish imkoniyatlarini yaxshilaydi, shuningdek, mintaqaning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini ochib beradi.
Ikkinchi bitim SmartEd ta’lim loyihasi doirasida $94,06 mln moliyalashtirishni nazarda tutadi. Bu ITBning ushbu tashabbusga yo‘naltirilgan umumiy $160,25 mlnlik hissasining bir qismi hisoblanadi.
SmartEd loyihasi mamlakat bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasini qurish va jihozlashni, shuningdek amaldagi maktablarga qo‘shimcha 2 431 ta sinfxona qurishni nazarda tutadi.
Loyiha kompetensiyaga asoslangan, inklyuziv ta’lim tizimini yaratishga qaratilgan bo‘lib, har yili 72 930 nafar o‘quvchiga foyda keltiradi.
Shuningdek, 36 115 nafardan ortiq o‘qituvchi va ma’muriy xodimlar uchun maxsus malaka oshirish va tayyorgarlik dasturlari tashkil etiladi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga ta’lim krediti uchun $250 mln ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘larning 80%i kam ta’minlanganlar va xotin-qizlarga beriladi. Kredit olish uchun yangi onlayn platforma ishga tushiriladi.
