Kredit-axborot tahliliy markazi mobil ilovasida foydalanuvchilar uchun uchta yangi xizmat joriy etildi. Bu haqda byuro Telegram-kanalida xabar berildi.
Jumladan, “Ishonchli kafil”, “Kimga kafilman” hamda “Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmatlaridan foydalanish mumkin.
“Ishonchli kafil” xizmati orqali foydalanuvchi kafil bo‘lishdan avval qarz oluvchining kredit tarixi bilan tanishishi mumkin. Unda majburiyatlar, ularning bajarilish holati hamda skoring bali haqidagi ma‘lumotlar aks etadi.
“Kimga kafilman” xizmati foydalanuvchiga ayni paytda qaysi shaxslar bo‘yicha kafil ekanini ko‘rish imkonini beradi. Bu mavjud kafillik majburiyatlarini nazorat qilish va moliyaviy risklarni baholashga xizmat qiladi.
“Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmati orqali esa asosiy qarzdorlik bo‘yicha 90 kundan oshgan kechiktirilgan to‘lovlar haqidagi ma‘lumotlarning kredit tarixidan chiqarilishi jarayonini kuzatib borish mumkin.
Yanvar oyida onlayn kredit olishda firibgarlikka uchraganlardan kreditni undirish to‘xtatilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda bank xodimi sheriklari bilan birga $120 minglik kreditni qimorga tikib yuborgani haqida yozgandi.
