Toshkent shahrida $120 mingni internetdagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga tikib yuborgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan tijorat banki murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Tuman bank filialida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlovchi E.N. “A.” korxonasi masʼul shaxslari va boshqalar bilan o‘zaro til biriktirgan.
Ular “B.B.” korxonasiga $120 ming kredit ajratgan, keyinchalik soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali mablag‘ni naqdlashtirib olgan. Ushbu pullarni internetdagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ishlatib, talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati
2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.
ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.
ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.
Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.
Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda lotereya va bukmekerlik litsenziya asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar qatoriga kiritildi.
Avvalroq 2025-yili davomida bukmekerlikni targ‘ib qilgan 70 ga yaqin sayt bloklangani haqida xabar berilgandi.
