Ilon Mask robotlar maktabini ishga tushirmoqda. Bu haqda navbatdagi intervyusida ma’lum qildi.

Tesla rahbari Ilon Mask o‘n minglab odamsimon robotlar vazifalarni bajarishni mashq qiladigan, bir-biri bilan olimpiya maktabidagi sportchilar kabi musobaqalashadigan poligon qurish rejalarini e’lon qildi.

Kompaniya bir vaqtning o‘zida 10 mingdan 30 mingtagacha androidni tayyorlash uchun infratuzilma yaratmoqda.

Ular “mustaqil o‘yin” usuli orqali o‘qitiladi — ya’ni sun’iy intellekt bir vazifani turli yo‘llar bilan qayta-qayta bajarib ko‘rish orqali o‘zini takomillashtiradi.

Loyihaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, har bir jismoniy robot butun tizimni o‘rgatish uchun ma’lumot manbaiga aylanadi.

Biror mashina eshikni ochish yoki qutini ko‘chirishning samarali usulini topsa, bu ko‘nikmalar avtomatik tarzda “akademiya"ning boshqa a’zolariga o‘tkaziladi.

Shu bilan bir vaqtda, virtual muhitda millionlab raqamli nusxalar faoliyat yuritadi. Ular jismoniy dunyo cheklovlarisiz tezlashtirilgan tartibda xuddi shunday sinovlardan o‘tadi.

Tesla allaqachon avtonom avtomobillar uchun aniq real hayot simulyatorini yaratgan, unda virtual mashinalar to‘siqlarni tanib o‘rganib, minglab yo‘l vaziyatlarida qaror qabul qiladi.

Endi shu texnologiya androidlar uchun moslashtirilmoqda. Farqi shundaki, robot faqat harakatlanishni emas, balki buyumlar bilan ishlash, insonlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lish va murakkab amallar ketma-ketligini o‘rganishi kerak.


Avvalroq Ilon Mask Tesla 2027-yilda Optimus robotlarini sotishni boshlashi mumkinligi haqida aytgandi.

Kompaniya rahbari bu odamsimon robotlar hozirda zavodda oddiy vazifalarni bajarayotganini ta’kidladi.