Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarini (AGTKSH) qurmaslikka chaqirdi. Bu haqda u 6-fevral kuni Qoraqalpog‘istondagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.

Amudaryo tumanidan Munay Green kompaniyasi rahbari va ta‘sischisi Muxtor Tolibayev 2024-yilda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining qarori bilan avtotransport, jumladan, elektromobillar, shuningdek, benzin va gazda ishlaydigan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish uchun 40 sotix yer uchastkasi olganini ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona qurilishni boshlash uchun barcha zarur hujjatlarni olgan va loyihani ekspertizadan o‘tkazgan. Biroq Hududgazta‘minot Qoraqalpog‘iston filiali qurilishni boshlash uchun Energetika vazirligidan ruxsat olishni talab qilmoqda.

“To‘g‘risini aytinglarda, gazni mavjud metan “zapravka"larga yetkazib bermayapsizlar-ku”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

O‘zini tanishtirmagan mas‘ullardan biri Jamshid Xo‘jayevning so‘zlarini tasdiqlab, metan zapravkalarga gaz yetkazib berish uchun resurslar yetarli emasligini tan oldi. U 205-sonli qarorni eslatib o‘tdi.

agtksh, avtomobil, energetika, gaz quyish shoxobchalari, jamshid xodjayev, metan zapravka

Bosh vazir o‘rinbosari tadbirkorga murojaat qilar ekan, AGTKSH qurilgan taqdirda ham gaz ta‘minoti bilan ta‘minlanmasligini va sarflangan mablag‘lar muzlatib qo‘yilishini ta‘kidladi.

Bunga javoban Muxtor Tolibayev qurilish nega haligacha boshlanmagani haqida xat olganini ma‘lum qildi. Xodjayev qurilish boshlamaslik kerakligini ta‘kidlab, nega mahalliy hokimliklar bu ma‘lumotni tadbirkorlarga yetkazmayotganiga qiziqdi.

“Biz barcha tadbirkorlarga o‘tgan yildan metan zapravkalar qurishga taqiq qo‘yilgani, hech qanday ruxsat berilmayotganini aytdik”, — deya izoh berdi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov.

2-fevral kuni metan quyish shoxobchalari ikki haftalik tanaffusdan so‘ng o‘z ishini davom ettirishni boshladi. Isish fonida ular kuniga 6 soat — 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi.

Hukumat qaroriga (VMQ-387-son) ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab siqilgan gazni (metan) gaz quyish shoxobchalari orqali sotish uchun yangi litsenziya olish uchun Energetika vazirligining Hukumat bilan kelishilganligini tasdiqlovchi taqdimnomasi olinishi kerak.

Bunda yangi AGTKSHlarni qurish uchun texnik shartlar va gaz tarmoqlariga ulanish uchun litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasi asosida beriladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2025-yilda Rossiyadan $1,23 mlrdlik gaz sotib olgani haqida yozgandi.