Olmaotada bu yil bahorda haydovchisiz taksilar qatnay boshlaydi. Bu haqda shahar raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Meyram Dyusyukovga tayanib, Kazinform xabar berdi.
“Eng ulkan loyihalardan biri haydovchisiz transport vositalarining sinov dasturini ishga tushirish bo‘ladi. Yandex Kazakhstan kompaniyasi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-maygacha 50 ta avtopilotli avtomobilni yo‘llarga chiqarish rejalashtirilgan,” deya ta’kidladi Dyusyukov.
Bundan oldin Qozog‘iston sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi pilot loyihaning batafsil ma’lumotlarini e’lon qilgandi.
Uch yilga mo‘ljallangan ushbu tashabbus Nursulton va Olmaotada bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Loyihaga Yandex Kazakhstan’dan tashqari boshqa kompaniyalarni jalb qilish rejalashtirilgan. Vazirlikning ta’kidlashicha, inDrive xizmati bilan ham haydovchisiz taksini ishga tushirish bo‘yicha memorandum imzolangan.
Birinchi bosqichda texnologiyalar maxsus poligonda sinovdan o‘tkaziladi, tashkilotchilar esa sayohatlar uchun yo‘nalishlarni tayyorlaydi.
So‘ngra haydovchisiz boshqariladigan avtomobillar shahar sharoitida bosqichma-bosqich kelishilgan yo‘nalishlarda, doimiy nazorat ostida ishlay boshlaydi.
Loyiha avtonomlikning yuqori darajasiga (L4) mo‘ljallangan bo‘lib, unda avtomobil oldindan belgilangan sharoitlarda salonda haydovchisiz harakatlanadi. O‘tish bosqichida, shuningdek, zarur bo‘lganda boshqaruvni olishga tayyor bo‘lgan haydovchi ishtirokidagi format (L3) ham bo‘lishi mumkin.
Tajribada foydalanish uchun haydovchisiz avtomobillarning aniq modellari hali aniqlanmagan. Xizmat ko‘rsatish formati va mashinalardagi yo‘lovchilarning maksimal soni tajriba loyihasini tayyorlash va joylashtirish jarayonida aniqlanadi.
Haydovchisiz taksi xizmatlari narxlari xizmat ko‘rsatuvchi operatorlar tomonidan mustaqil ravishda — bozor sharoitlari, foydalanishning iqtisodiy parametrlari, texnologiyalar va infratuzilma xarajatlari, shuningdek amaldagi qonunchilik talablarini hisobga olgan holda belgilanadi.
Avvalroq Tesla Ostin shahrida o‘zini o‘zi boshqaradigan robotaksilarni ishga tushirgandi.
Ularni sinovdan o‘tkazish 2025-yil oxirida boshlangan bo‘lsada, biroq yo‘lovchilar uchun endi taqdim qilindi.
