Roblox onlayn o‘yin platformasi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deya xabar berdi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi matbuot xizmati.
9-fevral kuni AQSHning Roblox global o‘yin platformasini boshqaruvchi va rivojlantiruvchi Roblox Corporation kompaniyasi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Joriy yil boshidan buyon oltita xorijiy kompaniya, jumladan, Shveysariyaning FunPlus International AG va Epic Games Commerce GmbH, shuningdek, Singapurning Skywork AI Pte kompaniyalari ro‘yxatdan o‘tkazildi.
2-fevral kuni Claude chat-botini yaratgan Anthropic PBC kompaniyasi va Steam platformasining egasi Valve Corporation mamlakatda soliq ro‘yxatidan o‘tdi. Jami ro‘yxatga olingan norezidentlar soni 84 ta yuridik shaxsni tashkil etadi.
2025-yilda xorijiy internet-kompaniyalar O‘zbekiston budjetiga 181,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Ko‘rsatilgan elektron xizmatlarning umumiy hajmi 47,7% ga o‘sib, 2024-yilga nisbatan tushumlar 1,5 barobarga oshib, 1,48 trln so‘mni tashkil etdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning yanvar-dekabr oylari davomida 8 ta kompaniya hisobdan chiqarilib, 23 ta kompaniya hisobga qo‘yilgan.
To‘langan soliqlar miqdori bo‘yicha birinchi o‘rinni 49,51 mlrd so‘m bilan Apple egalladi. Kompaniyaning O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatishdan olgan daromadi 413 mlrd so‘mdan oshdi. Kuchli beshlikka Meta (49,07 mlrd so‘m), Google (44,45 mlrd so‘m), OpenAI (11,71 mlrd so‘m) va Booking.com (4,32 mlrd so‘m) kiritildi.
Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq 412 ming so‘mgacha oshirilishi haqida yozgandi.
