Avvalroq prezidentning aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan (PQ-49), Olmazor tumani tajribasi asosida O‘zbekistonning 50 ta shahar va tumanlari uchun biznes rejalar tuzish belgilandi. Ularda ishlaydigan hokim yordamchilari ishbilarmonlik tashabbuslarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha loyiha guruhlariga birlashtiriladi.

Yangi tizim Toshkent shahrining barcha tumanlari, shuningdek, boshqa hududlardagi 38 ta shahar va tumanlarni qamrab oladi. Nukus va barcha viloyat markazlari, Angren, Chirchiq, Yangiyo‘l, Qo‘qon, Marg‘ilon, Shahrisabz, Zarafshon, Urganch va Xiva shular jumlasidan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi viloyatlar hokimliklari va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda tumanlarning biznes rejalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Loyiha guruhlari ishini tashkil etish uchun hokimliklar, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Bandlik vazirligi mas‘ul hisoblanadi.

Yangi tizimda ishtirok etayotgan tuman va shahar hokimlari mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi hisobidan hokim yordamchilariga samaradorlik uchun ustama to‘lashi mumkin bo‘ladi. Muvofiqlashtirish uchun loyiha guruhlari ishiga mutaxassislarni jalb qilishga ham ruxsat beriladi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha muammoli qarzdorlikni undirishda hokim yordamchilariga qo‘shimcha ustamalar beriladi. Bonus miqdori 2022-yilgacha ajratilgan kreditlar uchun 20%ni, 2022-yildan 2025-yil boshigacha esa 10%ni tashkil etadi.

“Og‘ir” mahallalarning master-rejasini ishlab chiquvchi talabalar uchun grant dasturi ishlab chiqiladi. Tanlov asosida ajratiladigan grant miqdori 100 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq mahallalarda biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga garovsiz kreditlar miqdori oshirilishi haqida xabar berilgandi.