Kaliforniyada Meta va Google bolalarda qaramlikni keltirib chiqaradigan ilovalarni yaratishda ayblangan sud jarayoni boshlandi., deya xabar berdi New York Times.

Kompaniyalar o‘z platformalarining dizaynini ataylab voyaga yetmagan foydalanuvchilarning e’tiborini jalb qilish uchun ishlab chiqqanlikda gumon qilinmoqda.

Da’vo arizasini 20 yoshli Keyli bergan bo‘lib, u yoshligidan ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanganligi sababli depressiya va o‘z joniga qasd qilish fikrlari paydo bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Da’vogar vakili kompaniyalarning bolalarni jalb qilishga e’tibor qaratayotganini tasdiqlovchi ichki hujjatlarga ishora qildi.

Meta da’vogarning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar Instagramdan foydalanish bilan emas, balki shaxsiy holatlar bilan bog‘liqligini ta’kidlab, ayblovlarni rad etdi. Xuddi shunday fikrni YouTube’ga egalik qiluvchi Google ham bildirdi.

Los-Anjeles Oliy sudi sudyasi hakamlar hay’atiga texnologiya kompaniyalari foydalanuvchilar joylashtirgan kontent uchun javobgar emasligini, biroq o‘zlarining platformalarini loyihalash va ishlashi bo‘yicha qarorlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini tushuntirdi.

6-fevral kuni Yevropa Komissiyasi TikTok’ning foydalanuvchilarda qaramlikka olib kelishini rasman tan olgandi.

YK xulosalariga ko‘ra, TikTok misolida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik “cheksiz pastga siljish, avtomatik ijro, push-xabarnomalar va yuqori darajada shaxsiylashtirilgan tavsiya tizimi” kabi xususiyatlar bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan.

Dastlabki tekshiruvi shuni ko‘rsatadiki, TikTok ushbu odatga aylantiruvchi funksiyalar foydalanuvchilarning, jumladan, voyaga yetmaganlar va zaif kattalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga qanday zarar yetkazishi mumkinligini to‘g‘ri baholamagan.


Avvalroq Spot TikTok va Snap ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bo‘yicha da’voni hal qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, da’voni hal qilish TikTok va Snap’ning ayblovni tan olgani emas. Ular suddan tashqari kelishuvga erishgan, biroq shartlar noma’lum.