Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy internet kompaniyalardan O‘zbekistonga oid to‘lovlar bo‘yicha ma‘lumotlar so‘ralayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Bunga qadar bir nechta Telegram kanallar Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasining banklarga yo‘llagan xatlarini e‘lon qilgan edi. Inspeksiya o‘tgan uch yil davomida 83 ta xorijiy internet-servis foydasiga amalga oshirilgan to‘lovlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni so‘ragan.

Talablar

Banklar soliq hisobida turgan bir qator xorijiy kompaniyalar nomiga 2023−2025-yillarda jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan barcha to‘lovlar bo‘yicha ma‘lumotlarni taqdim etishlari shart. Bu xalqaro kartalardan (Visa, Mastercard, Uzcard, Humo va boshqalar) hamda elektron hamyonlardan amalga oshirilgan tranzaksiyalarga taalluqli.

Har bir tranzaksiya uchun sanasi va summasi, shuningdek AQSH dollaridagi ekvivalenti ko‘rsatilishi talab etiladi. Banklar ushbu ma‘lumotlarni 3 kun ichida maxsus elektron manzilga yuborishlari kerak.

Talablar bajarilmagan taqdirda MJtKning 215−3-moddasi (Soliq to‘lovchilarning majburiyatlari yuzaga kelganligi to‘g‘risida axborot taqdim etish tartibini buzish) bo‘yicha ma‘muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Shuningdek, soliq organlari Soliq kodeksi ning 229-moddasiga (Banklar tomonidan bank hisobvaraqlari va operatsiyalar bo‘yicha maʼlumotnomalarni (ko‘chirmalarni) soliq organiga taqdim etmaslik) muvofiq jarima solishlari haqida ogohlantirdi.

Soliq organlari ma‘lumotlar talab qilinishini xorijiy internet-servislar hisobotlarida ko‘rsatilgan soliq summalarining “to‘g‘riligini tekshirish” va 2023-yildan beri ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatini baholash zarurati bilan tushuntirdi. Shuningdek, idora 2025-yil dekabr oyida qabul qilingan naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonga (PF-246) havola qildi.

Izoh

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari bunday xizmatlarni jismoniy shaxslarga ko‘rsatishga oid qism bo‘yicha soliq to‘lovchilar deb eʼtirof etilishini (Soliq kodeksining 278-moddasi) eslatib o‘tdi. Soliq bazasi elektron shaklidagi xizmatlarni realizatsiya qilishning haqiqiy narxlaridan kelib chiqib hisoblab chiqarilgan soliq summasi hisobga olingan holdagi qiymati sifatida aniqlanadi (280-modda).

Yuzaga kelishi muayyan hodisa yoki harakat bilan bog‘liq bo‘lgan soliq majburiyati bo‘yicha daʼvo qilish muddati shu voqea yoki harakat sodir bo‘lgan paytdan eʼtiboran 3 yilni tashkil etadi (88-modda).

2025-yilda 23 ta xorijiy internet xizmati, joriy yil boshidan esa yana 6 tasi soliq hisobiga qo‘yildi. So‘rov ularning soliq majburiyatlari yuzaga kelish muddatini aniqlash, soliq bazasini va undirilishi lozim bo‘lgan QQS summasini hisoblash maqsadida yuborilgan.

Qo‘mitaning ta‘kidlashicha, to‘lovlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar banklar tomonidan shaxssizlantirilgan shaklda taqdim etiladi. Dekabrdagi farmonda nazarda tutilgan ustuvor chora-tadbirlar dasturi 1-martga qadar xorijiy yuridik shaxslar nomiga to‘lovlar to‘g‘risidagi shaxssizlantirilgan ma‘lumotlarni taqdim etish tartibini ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.

Avvalroq Roblox o‘yin platformasi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.