Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sud mustaqilligini taʼminlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita masʼul hisoblanadi. 2025-yilda alohida farmon qabul qilinib, unga yangi vakolatlar berildi. Sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Kengash huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tgan yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga, 286 nafar sudya lavozimga qayta tayinlandi, 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirildi.

Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etildi, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortildi, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirildi. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topildi hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi.

O‘tgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratildi.

Sudyalar daxlsizligi va mustaqilligini taʼminlash doirasida hududiy sudlar raislari tomonidan chiqarilgan 6 mingdan ortiq buyruqlar o‘rganilib, 231 ta buyruqda 314 nafar sudyalarga nisbatan odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalar yuklatilganligi aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilgan.

Shu bois, sudyani o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik taʼminot va barcha tashkiliy ishlarga masʼul bo‘ladigan “sud maʼmurchiligi” institutini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganiladi.

Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlash borasida Sudyalar intizomiy hayʼatini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibini yaratish taklif qilindi.

Sudya va ularning oila aʼzolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surildi.

Bundan tashqari, mamlakatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilindi. Jumladan, 10-mart — Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yo‘nalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi.

2024-yil may oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga yaqin kelajakda aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlarni amalga kiritishni tavsiya qilgan edi.

2025-yilning martida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish vaqti kelganini aytib, bu masalada jamoatchilik fikri muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan edi.

Mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 2025-yil 1-aprelgacha kiritish topshirildi.

Prezident noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik joriy etish masalasini ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Xususan, qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish to‘g‘risidagi moddani kiritish taklif etildi. Bunda davlat xizmatchisi o‘zining deklaratsiyalanayotgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkni qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Aprel oyida Mirziyoyev may oyi oxirigacha “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlash vazifasini qo‘ydi. Unda deklaratsiyalarni tuzish hamda ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshirish tartibi ko‘rsatilishi kerak.

Shuningdek, qonun loyihasida davlat xizmatchilarining oltita toifadagi ma’lumotlari majburiy ochiqlanishi, 20 ta toifadagi ma’lumotlari esa oshkor etilmasligi belgilanmoqda.

Avvalroq fuqarolar uchun 2026-yil 1-martdan daromad deklaratsiyasini topshirish bo‘yicha tajriba boshlanishi haqida xabar berilgandi.