So‘mning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirdi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Regulyatorning qayd etishicha, almashuv kursining mustahkamlanishi milliy valyutaga bo‘lgan ishonchning oshishiga yordam berdi. 2025-yilda bank tizimidagi milliy valyutadagi depozitlar hajmi 44% ga oshib, 240 trln so‘mga yetdi.

Aholining inflyatsion kutilmalari 2025-yil boshidagi 14,4% dan 11,5% ga, tadbirkorlarniki esa 13,9% dan 11,1% ga pasaydi. Bunda kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi.

Shuningdek, depozitlar va kreditlarning dollarlashuv darajasida pasayish dinamikasi tezlashdi: kreditlar bo‘yicha 41% dan 38% gacha, depozitlar bo‘yicha 26% dan 22% gacha.

Davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘rtacha 6−7% gacha qisqardi.

Bundan tashqari, mijozlar tomonidan banklarga sotilgan valyutaning umumiy hajmi 35% ga oshib, $47 mlrdga yetdi.

2025-yil oktabr oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘mning mustahkamlanishi hisobiga davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1,3 trln so‘mga, korporativ qarzlar bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mga qisqarganini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yili so‘m AQSH dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Dekabr oyida milliy valyuta kursi 1% dan ko‘proqqa pasayganiga qaramay, yil yakunlari bo‘yicha so‘m dollarga nisbatan nominal ko‘rinishda 6,93% ga — qariyb 900 so‘mga oshdi. 2025-yil oxiriga kelib, dollar kursi 12 ming so‘mdan biroz yuqorida mustahkamlandi.

Avvalroq Spot 2025-yilda aholi banklarga $21,7 mlrd xorijiy valyuta sotib, ulardan $12 mlrd xarid qilgani haqida yozgandi.