O‘zbekistonda chiqindi xizmatidan qarzdor 198 mingdan ortiq abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.

5-fevral holatiga ko‘ra, Hududiy elektr tarmoqlarining 2100 qisqa raqamidan 1,17 mln abonentga chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha to‘lanmagan qarzdorlik to‘g‘risida xabarnoma yuborgan.

Mazkur davrga kelib esa chiqindilarni olib chiqib ketish sohasidagi qarzlarning umumiy miqdori 108,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Qarzni to‘lash uchun ajratilgan besh kun ichida fuqarolar 12,7 mlrd so‘m to‘lagan. Muddat tugashi bilan jami 15,8 mlrd so‘m qarzdorligi bo‘lgan 198 858 nafar shaxsga nisbatan cheklovlar joriy etildi.

1-noyabrdan Toshkentda chiqindi tashish bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarga cheklovlar kuchga kirdi.

Birinchi haftada qariyb 25,1 ming kishi 2,24 mlrd so‘mlik qarzdorlik to‘g‘risida xabarnoma oldi, shundan 6 ming abonent 5 kunlik muddat tugaganidan so‘ng cheklovlarga duchor bo‘ldi.

Yangi tizim dekabr oyida butun O‘zbekiston bo‘ylab ishlay boshladi. O‘shanda 231 ming abonent Hududiy elektr tarmoqlaridan 20,1 mlrd so‘mlik qarzdorlik haqida ogohlantirish olgan, shundan dastlabki besh kunda 9,4 mlrd so‘m to‘langan.

Cheklovlar faqat 2025-yil 1-iyuldan boshlab to‘plangan chiqindi qarzlariga taalluqli bo‘lib, ushbu sanagacha bo‘lgan qarzlarga ta’sir qilmaydi.

Qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyning 3-sanasiga qadar Toza Makon tizimidan HET Billingga uzatiladi.


Avvalroq Buxoro, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda chiqindi yoqish zavodlari qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Loyihalar Xitoyning Wangneng Environment, CHSET va Beijing China Science Runyu Environmental Technology kompaniyalari ishtirokida jami $395 mlnlik investitsiya hisobiga amalga oshirilmoqda.