WhatsApp Rossiyadagi bloklanishga izoh berdi. Bu haqda messenjer X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

Qayd etilishicha, WhatsApp’ning bloklanishi davlatning odamlarni kuzatuvdan himoyalanmagan boshqa messenjerga o‘tishga majburlashga urinishidir.

Shuningdek, WhatsApp shaxsiy va xavfsiz muloqot huquqisiz 100 mlndan ortiq foydalanuvchini izolyatsiya qilish Rossiyada odamlar xavfsizligining pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan orqaga qadam ekanligini ta’kidladi.

WhatsApp foydalanuvchilar aloqada qolishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etmoqda, deya ma’lum qildi messenjer vakillari.

11-fevral kuni Roskomnadzor nazorati ostidagi DNS-serverlardan WhatsApp domenlari yo‘qolgan, shu sababli messenjerga kirish Rossiya hududida amalda bloklangan.

Gap Milliy domen nomlari tizimi yozuvlaridan WhatsApp.com va web.whatsapp.com domenlarining yo‘qolishi haqida so‘z bormoqda. Biroq 11-fevral kuni kechqurunga kelib whatsapp.net va wa.me domenlari hali ham ro‘yxatda saqlanib qolgan edi.

Avvalroq Spot Roskomnadzor Rossiya hududida Telegram ishini rasman sekinlashtira boshlagani haqida xabar bergandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durov idoraning harakatlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Kreml rossiyaliklarni “davlat nazoratidagi, kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan ilovaga” (ehtimol, Max messenjeri nazarda tutilmoqda — Spot izohi) o‘tishga majburlamoqchi.

Durov Eronning sakkiz yil oldin Telegramni “o‘ylab topilgan sabab bilan” bloklab, aholini davlat muqobiliga o‘tkazishga urinishini ta’kidladi. Biroq, eronliklarning aksariyati messenjerdan foydalanishda davom etmoqda va cheklovlarni chetlab o‘tmoqda, dedi u.

“Fuqarolarning erkinliklarini cheklash hech qachon to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi. Telegram bosimdan qat’i nazar, so‘z erkinligi va maxfiylikni himoya qiladi”, — deya xulosa qildi Durov.

Kuni kecha Roskomnadzor Telegram Rossiyaning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya qilmayotgani, firibgarlik va noqonuniy foydalanishga qarshi kurash choralarini ko‘rmayotganini ma’lum qildi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Anton Nemkin qoidabuzarliklar bartaraf etilgandan so‘ng Telegramga kirish qayta tiklanishi mumkinligini tan oldi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Telegram 8 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha 64 mln rublgacha (10,21 mlrd so‘m) miqdorida jarima to‘lashi mumkin.

Xususan, yettita bayonnoma taqiqlangan kontentni o‘chirishni rad etganligi uchun, yana bittasi esa ushbu talabni takroran bajarmaganlik uchun tuzilgan.