Bir necha yillik katta investitsiyalardan so‘ng, “katta uchlik” — General Motors, Ford va Stellantis — jami $50 mlrddan ortiq zararlarni e’lon qildi, deya xabar berdi The Wall Street Journal.
Nashrning qayd etishicha, 2025-yilning to‘rtinchi choragida AQSHda elektromobillar savdosi taxminan 30% ga pasaydi.
Buning asosiy sababi — sentabr oyida tugagan $7500 miqdoridagi soliq imtiyozi, bundan oldin xaridorlar ushbu chegirmadan foydalana olgan edi.
Shu sababli avtomobilsozlik konsernlari elektromobillar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish hajmini qisqartirmoqda, zavodlarning bir qismini “an'anaviy” mashinalar ishlab chiqarishga o‘tkazmoqda va ba’zi loyihalarni bekor qilmoqda.
Eng katta zararlarni Stellantis qayd etdi — $26 mlrd (bu kompaniya Jeep, Opel, Peugeot, Chrysler, Fiat va boshqa brendlarga ega). Kompaniyaning bosh direktori Antonio Filosa Stellantis’da “energetik o‘tish sur’atlarini noto‘g‘ri baholashganini” aytdi.
Avvalroq Ford talabning pasayishi fonida ba’zi elektromobil modellaridan voz kechishi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya gibrid va benzinli modellarni ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi va minglab xodimlarni ishga qabul qiladi.
Shu bilan birga, AQSHdan tashqarida elektr avtomobillar bozori o‘sishda davom etayotgani ta’kidlanadi, deb yozadi WSJ.
2025-yilda Xitoyning BYD kompaniyasi dunyoda eng yirik elektr avtomobil yetkazib beruvchi bo‘ldi va ilk marta Teslani ortda qoldirdi.
Kompaniya Xitoydan tashqarida bir milliondan ortiq avtomobil yetkazib berdi — bu 2024-yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.
Avvalroq Spot O‘zbekiston 2030-yilgacha elektromobillar ulushini 10% ga yetkazmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 86,1 mingdan ortiq elektromobil ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
