Avvalroq startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yildan har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi.

Uning natijalari asosida 100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi va “Yoshlar ventures” venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlar xarajatlari to‘lab beriladi. Uning miqdori BHMning 100 baravari — 41,2 mln so‘mgacha etib belgilanadi.

Shuningdek, jamg‘arma kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.

2025-yil Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida “Yosh tadbirkorlar” chempionati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.