Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga shu yilning bahorida o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Bu haqda 11-fevral kuni Murad Buildings kompaniyasining operatsion direktori Vyacheslav Krivosheyev Move Real Estate Summit xalqaro sammitidagi munozaralar doirasida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir yer uchastkalarini sotib olish bozori “birmuncha sivilizatsiyalashgan” holatga kelgan. Bir yil avval esa bozor “mutlaqo spekulyativ”, shuningdek “real hayot va iqtisodiyotdan uzilgan” edi.
Xususan, yirik yer egalari uchastkalarni moliyaviy modellarga mos kelmaydigan narxlarda sotgan, bu esa mablag‘ yetishmovchiligi va loyihalarning to‘xtab qolishiga olib kelgan.
“Kimdir iqtisodiy hisob-kitobni noto‘g‘ri qilgan, loyihaga kirib tavakkal qilgan, biroq uni o‘z vaqtida amalga oshirishga ulgurmagan”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Murad Buildings top-menejeri yer bozorida ikkita asosiy yo‘nalish shakllanganini ta’kidladi: poytaxtda renovatsiya (brownfield) va Yangi Toshkentda noldan qurilish (greenfield). Poytaxtda Yangi Toshkent direksiyasi, “Tashkent Invest” kompaniyasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi orqali davlat yagona lendlord hisoblanadi.
Shaharda xususiy yer egalari ham qolmoqda. Biroq, Toshkent bosh rejasining tasdiqlanishi vaziyatni keskin o‘zgartirdi: hujjat qurilish qavatlarini asosan 5−8 qavat, kamdan-kam hollarda esa 9 qavat bilan cheklaydi. Loyihalarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi uchun ushbu uchastkalarda premium obyektlarni qurish kerak, buni har doim ham uddalab bo‘lmaydi, deb tan oldi Krivosheyev.
“O‘zini vositachi deb atab, qavatlar soni masalasini hal qilishi yoki bosh rejaga o‘zgartirish kiritishi mumkinligini aytadigan ayrim shaxslar bor. Ularga ishonmaslik kerak. Loyihalarni va bosh rejaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarni ko‘rib chiqadigan ma’lum qoidalar va komissiyalar mavjud. Bunday loyihalar juda kam. Ular aynan shu bahorda e’lon qilinadi — biz bu qaror chiqishini kutmoqdamiz. Kelajakda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish juda mushkul bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Murad Buildings vakili.

Toshkent bosh rejasi
2024-yil oxirida Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlanib, unda poytaxt hududi uchta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi. Joriy yilning iyun oyida Toshkent hokimligi prezidentga binolarning ruxsat etilgan balandligi bo‘yicha talablarga zid bo‘lgan ayrim qurilish loyihalarini taqdim etgandi.
Iyul oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Aziz Halilov Spot bilan suhbatda Toshkent bosh rejasiga binolarning qavatlari soniga oid o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Hozirda bosh rejaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Chunki unda ayrim hududlar uchun belgilangan [eskirgan me’yorlar] mavjud. Masalan, faqat besh qavatli bino qurilishi nazarda tutilgan joylarda 16 va undan baland bino-inshootlarni qurish imkoniyati bor”, — dedi u.
Qurilish vazirligi vakilining tushuntirishicha, bosh rejada binolarning ruxsat etilgan qavatlar soni muayyan hududning zilzilaga chidamliligini hisobga olgan holda belgilanadi. Loyihalarni amalga oshirishdan oldin ular ilmiy-tadqiqot institutlarida majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi, qurilish uchun ruxsatnomalar esa tasdiqlangan bosh rejaga qat’iy muvofiq beriladi.
Spot muxbirining poytaxt bosh rejasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Halilov “bunday ehtimol bor” deb javob berdi. Ekspert xulosalari asosida yakuniy qaror qabul qilinadi.
17-iyul kuni qurilish sohasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritilishini ma’lum qildi. Xudo xohlasa, yaqinda [o‘zgartirishlar] e’lon qilinib qoladi", — dedi tadbirkor.
Bunga javoban Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Murod Nazarovning takliflari asosida Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmayotganini bildirdi. Qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Odilovning ta’kidlashicha, “vazirlik kun tartibida poytaxt bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritilmagan”.
