Meta kompaniyasi o‘limdan keyin ham xabarlarni nashr etishni davom ettirish imkonini beruvchi sun’iy intellektni patentladi. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi.
Dekabr oyi oxirida kompaniya katta til modeli real foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlarini — masalan, ular joylagan kontentga bo‘lgan reaksiyalarini — “taqlid qilishi” mumkinligi tasvirlangan patentni oldi.
“Til modeli foydalanuvchi ijtimoiy tarmoq tizimida bo‘lmaganda, masalan, foydalanuvchi uzoq vaqt tanaffus qilganda yoki foydalanuvchi vafot etganida uning harakatlarini taqlid qilish uchun ishlatilishi mumkin,” — deyiladi patentda.
Patentda kompaniya Meta nega bunday texnologiya odamlarga kerak bo‘lishi mumkinligini tushuntiradi.
“Agar foydalanuvchi vafot etsa va ijtimoiy tarmoq platformasiga qayta kira olmasa, oqibatlar foydalanuvchilar uchun ancha jiddiy va qaytarilmas bo‘ladi,” — deyiladi hujjatda.
Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish uchun Meta, aslida, ijtimoiy tarmoqlardagi mavjudlikning raqamli nusxasini yaratadi. Bu nusxa “foydalanuvchiga xos” ma’lumotlar asosida o‘qitilgan model yordamida yaratiladi.
Bunday ma’lumotlarga platformadagi faoliyat tarixi, jumladan, izohlar, layklar yoki kontent kabi ma’lumotlar kiradi. Shunday qilib, model sizning qanday xatti-harakat qilishini (yoki aniqrog‘i, qilgan bo‘lishini) tushunishga harakat qiladi.
Meta kompaniyasining texnik direktori Endryu Bosvort 2023-yilda dastlab taqdim etilgan patentning asosiy muallifi sifatida ko‘rsatilgan.
“Biz bu misolni kelajakda qo‘llashni mo‘ljallamayapmiz”, — deya ma’lum qildi Meta kompaniyasi vakili Business Insider nashriga.
