BAA Ta’lim vazirligi maktablarda generativ sun’iy intellektdan, jumladan ChatGPT kabi ilovalardan foydalanishni tartibga soluvchi keng qamrovli tizimni joriy etdi. Bu haqda Gulf News xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu akademik halollikni himoya qilish, o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda tartibli va xavfsiz ta’lim muhitini saqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar vazirlikning 2026-yildagi “Sinflarda sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish” qo‘llanmasida bayon etilgan bo‘lib, unda bunday texnologiyalardan foydalanishning ruxsat etilgan chegaralari aniq belgilangan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, tasdiqlangan doiradan tashqari har qanday foydalanish amaldagi ta’lim qoidalariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Eng muhim qoidalardan biri yosh chegarasidir. Generativ sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish 13 yoshdan kichik o‘quvchilar yoki quyi sinf o‘quvchilari (7-sinfdan past) uchun taqiqlanadi.
Bu qarorning maqsadi kichik yoshdagi o‘quvchilarni ularning ta’limi yoki xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan himoya qilish hisoblanadi.
Shuningdek, o‘zaro muloqot, ijodkorlik va mustaqil ko‘nikmalarni rivojlantirishga asoslangan ta’limning dastlabki bosqichlaridagi ahamiyatini saqlab qolishdir.
Yangi tizimning asosini akademik halollik tashkil etadi. Vazirlik ta’limning o‘ziga xosligiga putur yetkazuvchi amaliyotlardan, xususan, o‘qituvchini oldindan ogohlantirmasdan yoki ruxsatini olmasdan, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan topshiriqlar, tadqiqot loyihalari yoki hisobotlarni o‘zining shaxsiy ishi sifatida taqdim etishdan qaytardi.
Rasmiy shaxslarning ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlar bevosita haqiqiylik tamoyilini buzadi va ta’lim jarayonini zaiflashtirib qo‘yadi.
Maktablarga ushbu vositalardan akademik halollikni buzish, ko‘chirish yoki baholash talablarini chetlab o‘tish uchun foydalanilmasligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, o‘quvchilar o‘quv topshiriqlarini bajarishda faqat sun’iy intellektga tayanib qolmasligi kerakligi ta’kidlangan.
Avvalroq AQSHda o‘qituvchilar o‘rniga SI dars beradigan maktablar tarmog‘i paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, maktablarda o‘qituvchilar va uy vazifalari yo‘q hamda o‘qish uchun to‘lov yiliga $65 minggacha yetishi mumkin.
