Internetda zararlangan smartfonni to‘liq nazorat ostiga olishi mumkin bo‘lgan xavfli virus topildi. Bu haqda TechSpot nashri xabar bermoqda.
Xavfli dasturga iVerify kompaniyasi mutaxassislari e’tibor qaratishdi. Ularning aytishicha, ZeroDayRAT josuslik platformasi Android va iOS qurilmalarida, shu jumladan operatsion tizimlarning eng so‘nggi versiyalarida ham ishlaydi.
Qayd etilishicha, bu kuchli dasturiy ta’minot (DT) Telegram messenjeri orqali tarqatilmoqda — u ilk bor 2-fevral kuni aniqlangan.
Tadqiqotchilar ZeroDayRAT’ni “bunday murakkablik darajasidagi josuslik dasturi bo‘lib, uni yaratish uchun avval davlat darajasidagi qo‘llab-quvvatlash talab etilgan” deya ta’riflashdi.
Mazkur zararli dastur ko‘pincha fishing hujumlari doirasida SMS orqali tarqatiladi.
Dastur smartfonga o‘rnatilgach, xakerlar boshqaruv paneli orqali qurilmani nazorat qila boshlaydi. Ular qurilma haqida ma’lumotlarga — jumladan, model, operatsion tizim, batareya holati, mamlakat, SIM-karta va aloqa operatori haqidagi ma’lumotlarga — kirish imkoniga ega bo‘ladi.
iVerify mutaxassislari xulosa qilib, ayrim foydalanuvchilar uchun ZeroDayRAT bilan zararlanish “shaxsiy maxfiylikning to‘liq yo‘qolishi"ni anglatishi mumkinligini ta’kidladi.
Ular foydalanuvchilarni noma’lum havolalarga o‘tmaslikka hamda dasturlarni faqat ishonchli manbalardan yuklab olishga chaqirdi.
Avvalroq Spot Bluetooth quloqchin foydalanuvchilari yangi xakerlik hujumi haqida ogohlantirilgani haqida yozgandi.
Aniqlangan jiddiy zaifliklar foydalanuvchilarni kuzatish va simsiz audio qurilmalarga ruxsatsiz kirish imkonini berishi mumkin.
