Apple 4-mart kuni soat 9:00 da (Sharqiy vaqt bo‘yicha) yangi gadjetlari taqdimotini o‘tkazadi. Tadbir sanasi haqida 9To5Mac xabar berdi.

U Nyu-York, London va Shanxayda o‘tkaziladi, shuningdek, Toshkent vaqti bilan soat 19:00 dan boshlab veb-saytda jonli efir ko‘rsatiladi.

MacRumors nashri yozishicha, bu kompaniyaning an’anaviy taqdimoti emas, balki Apple Experience formatidagi tadbir bo‘ladi. Nashr ta’kidlashicha, u ehtimol “kichikroq miqyosda” o‘tkaziladi.

Ta’kidlanishicha, Apple iPhone protsessori — A18 Pro asosidagi “arzon” MacBook, M5 chipli MacBook Air, M5 Pro va M5 Max chipli MacBook Pro, iPhone 17e, A18 chipli iPad va M4 chipli iPad Air’ni taqdim etishi mumkin.

Apple iPhone 16 Pro‘da ishlaydigan A18 Pro chipiga ega arzon MacBook’ni ishlab chiqarishi haqida 2025-yil iyul oyida xabar berilgandi.

Qurilma 13 dyuymli ekran bilan jihozlanadi va to‘rt xil rangda — kumushrang, ko‘k, pushti va sariq ranglarda taqdim etiladi.

Arzon qurilmani ishlab chiqishda MacBook Pro uchun korpuslarni yetkazib beruvchi Everwin Precision kompaniyasi asosiy hamkor bo‘ladi.

Bloomberg yozishicha, arzon noutbuklarning ishlab chiqilishi tarixan yuqori marjaga ega premium qurilmalarga e’tibor qaratgan Apple uchun strategik burilish bo‘ladi.


Avvalroq Apple kvadrat shakldagi buklanuvchan iPhone ustida ish olib borayotgani haqida xabar berilgandi.

Bu qurilma kompaniyaning “buklanuvchan” smartfonlar qatoridagi ikkinchi model bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, birinchi buklanadigan iPhone 2026-yilning kuziga qadar bozorda paydo bo‘ladi.