Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, iyulga qadar pensiyalardan chegirma qilinganidan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash rejalashtirilgan.
Mazkur qonun bilan esa “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida"gi qonun iga o‘zgartirishlar kiritiladi. Jumladan, har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50%idan oshishiga yo‘l qo‘ymasligi belgilanadi.
Chegirma qilinganidan so‘ng pensionerga to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, sentabrgacha ayrim davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatisiz vakolatli organlarning tashabbusi asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanadi.
Loyihada ayrim davlat xizmatlarini vakolatli organlarning tashabbusi asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutiladi. Xususan, pensiya yoshiga yetgan shaxslarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘lar ularning murojaatisiz beriladi.
Davlat OTMga o‘qishga qabul qilingan ayrim talabalarga talabalar turarjoyiga qabul qilinganligi bo‘yicha yo‘llanma ham proaktiv tarzda beriladi.
Jumladan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda I va II guruh nogironi bo‘lgan talabalarga berilishi ko‘zda tutilgan.
Yilning so‘nggi oyigacha davlat pensiya tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi kompleks dastur ishlab chiqiladi.
Dasturda amaldagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutiladi. Shu bilan birga, pensiya jamg‘armalarini kapitallashtirishning samarali mexanizmlari joriy qilinadi.
Pensiya jamg‘arma mablag‘larini samarali safarbar qilish va uzoq muddatli investitsiyaga yo‘naltirish mexanizmlarini joriy qilish orqali kapital bozori rivojlantiriladi.
Barqaror pensiya tizimini yaratish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida xalqaro konsultantlardan iborat bo‘lgan loyiha ofisi tashkil qilinadi.
Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlarida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilyotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari avtomatik tarzda berilishi aytilgandi.
Pensiya islohoti
2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.
Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirilgandi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.
2025-yilning aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.
Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Undan keyin prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (avtomatik) tayinlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi.
Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Xususan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etildi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentabrgacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi ijtimoiy tarmoqlarda pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish taklifi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.
Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash
2025-yil may oyida prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan) tayinlashga o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.
Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi ham belgilangan. Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lganlar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘taganlarga ham kompensatsiyalar shu tartibda beriladi.
Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.
1-oktabrdan boshlab naqd pul shaklidagi pensiyalar biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron imzo olish orqali berila boshlandi. Pensiya jamg‘armasi yangi tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta‘minlashini ma‘lum qildi.
Yanvar oyida Yagona portalda pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Xizmat avtomatik tarzda va bepul ko‘rsatiladi, undan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Avvalroq fevral oyi pensiyalari qachon to‘lab berilishi ma’lum bo‘lgandi.
