Fevral oyi uchun pensiyalar qachon to‘lanishi ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari har to‘lov oyining 2-kunigacha to‘lov topshiriqnoma (vedomost) lar shakllantiradi. Ular oyning 4-kunigacha pensiyani fuqarolarga yetkazib berish yuklangan tashkilotga taqdim etiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, to‘lovlar uchun talab etiladigan mablag‘larni jamg‘arma tomonidan har oyning 5-sanasigacha pensiya oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga (plastik kartalarga) moliyalashtirilishi belgilangan.

Naqd shaklda pensiya oluvchilar uchun esa pensiyalar Xalq banki tomonidan tasdiqlangan grafiklar asosida sayyor kassalar orqali amalga oshiriladi. Bunda mablag‘lar har oyning 4−27 sanalarida MFYlarga borgan holda to‘lab beriladi.

Shundan kelib chiqib, pensiyalarni bank kartasida oluvchi fuqarolarga mablag‘lar 5-fevralgacha, naqd shaklda oluvchilarga esa 4−27-fevral sanasiga qadar to‘lab berilishi rejalashtirilgan.

Yanvar oyida Yagona portalda pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Xizmat avtomatik tarzda va bepul ko‘rsatiladi, undan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

O‘zbekistonda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Pensiyadan ushlab qolinadigan oylik chegirmalarni 50% dan oshirmaslik hamda undan keyin to‘lanadigan pensiyani eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilanmoqda.

Avvalroq Spot jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari avtomatik tarzda berilishi mumkinligi haqida yozgandi.