Toshkent shahar hokimligi yo‘llarda ta‘mirlash ishlarini namlik pasaygandan so‘ng boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, qish mavsumi yakunlangani va kuchli yomg‘irlar sabab ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining ayrim qismlarida qoplama yomonlashib, chuqurlar paydo bo‘lgan. Yo‘llar qishki eskirish, muzlashga qarshi reagentlar qo‘llanishi, uzoq davom etgan yog‘ingarchilik va yuqori namlik tufayli kuchli yuklama ostida qolgan.

Hokimlikka ko‘ra, suv mikroyoriqlarga kirib, qoplamaning ustki qatlami va asosini zaiflashtiradi. Natijada, ayniqsa transport harakati jadal bo‘lgan yo‘llarda nuqsonlar tezroq yuzaga chiqmoqda. Bunday holatlar, asosan, xizmat muddati yakuniga yetayotgan uchastkalarda kuzatiladi.

Shahar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, tiklanishi lozim bo‘lgan hududlar ro‘yxati shakllantirilgan. Umumiy hisobda 816 023 kvadrat metr yo‘l qoplamasini ta‘mirlash rejalashtirilgan. Shundan 609 673 kvadrat metri tumanlar tasarrufidagi ko‘chalarga, 206 350 kvadrat metri esa markaziy ko‘chalarga to‘g‘ri keladi. Markaziy ko‘chalar ixtisoslashtirilgan boshqarma tasarrufida.

Tumanlar kesimida taqsimot quyidagicha (kvadrat metr o‘lchovda):

  • Bektemir — 53 160
  • Mirzo Ulug‘bek — 50 471
  • Mirobod — 52 287
  • Olmazor — 48 087
  • Sergeli — 50 529
  • Uchtepa — 50 000
  • Chilonzor — 54 000
  • Shayxontohur — 51 182
  • Yunusobod — 47 546
  • Yakkasaroy — 51 000
  • Yangihayot — 51 000
  • Yashnobod — 50 411

Hokimlik davomli yomg‘irlar sharoitida qoplamani to‘liq texnologik tiklash barqaror natija bermasligini ta‘kidladi. Asosiy ishlar namlik pasaygach, taxminan mart oyining birinchi o‘n kunligida boshlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ayrim ko‘chalarda rejali kapital ta‘mirlash va yangilash ishlari ham amalga oshiriladi. Kartali va chuqurli ta‘mirlash ishlari kapital ta‘mir bilan bir xil ko‘chalarda bir vaqtda olib borilmaydi.

Mahalliy ta‘mir ishlari harakat xavfsizligini tezda tiklashga qaratilgan bo‘lsa, kapital ta‘mir alohida reja asosida boshqa ko‘chalarni tizimli ravishda yangilashni nazarda tutadi.

O‘tgan yili Toshkentda yo‘llarni ta‘mirlash 7-martdan boshlangandi. Umumiy maydoni 65 ming kvadrat metrdan ortiq yo‘llar taʼmirlanishi ko‘zda tutilgan edi.

Avvalroq yanvarda Toshkentda avtobuslarda chiptasiz yurgan 11,5 ming nafar yo‘lovchi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.