Avvalroq prezident 2026-yil uchun davlat dasturini tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 1-martdan elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatuvchi fuqarolarga imtiyozlar joriy etiladi.

Jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqarolar uchun belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lashda 10%gacha chegirma beriladi (dastlab chegirma miqdori 30% bo‘lishi aytilgandi).

Davlat tashkilotlariga tegishli bo‘lgan, shu jumladan, aeroport va vokzallarning pulli avtoturargohlaridan 30 daqiqagacha bepul foydalanishga ruxsat beriladi.

Huquqbuzarlik va YTH sodir etmasdan 1 mln kilometr masofada taksi xizmati ko‘rsatgan fuqarolarga Tabiat himoyachisi ko‘krak nishoni beriladi.

Yil yakuni bo‘yicha elektromobilda taksi qiladigan fuqarolar soni 300 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, yengil dvigatelli avtomobillarning atmosfera havosini ifloslantirishdagi ulushi 7%ga kamaytiriladi.

2025-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida elektromobillardan foydalanishni kengaytirish rag‘batlantirilishini ma’lum qilgandi. Unda elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar berilishi aytildi. Biroq batafsil tafsilotlar keltirilmagandi.

2026-yil 1-yanvardan taksi haydovchilari aylanmadan olinadigan soliqni pasaytirilgan stavkada — 1% miqdorida to‘lashni boshladi. Onlayn agregatorlar orqali ishlagan haydovchilarda soliq platforma tomonidan avtomatik ushlab qolinadi, Undan tashqaridagi daromadlar bo‘yicha soliqni haydovchi o‘zi to‘laydi.

Avvalroq 1-sentabrdan elektromobil xaridi uchun yillik 16%gacha stavkada avtokreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.