Prezidentning kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qarori (PQ-64) qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, kreativ iqtisodiyotning YIMdagi ulushi 5%ga — 145 trln so‘mga yetkaziladi. Kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksporti $1 mlrddan oshiriladi.
Sohada amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ish o‘rinlari 500 mingtaga yetkaziladi.
Toshkentdagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasiga tegishli hudud negizida 2026−2027-yillarda Kreativ industriya parki infratuzilmalari DXSH asosida tashkil etiladi.
Unda sayr qilish, dam olish va hordiq chiqarish, art-obyekt va monumental sanʼat asarlari hududlaridan iborat yashil bog‘ bo‘ladi. Shuningdek, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida xalqaro maktab, buk-kafe, sport va vorkaut maydonchalari, mehmonxona quriladi.
Shu bilan birga, badiiy ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari va kovorking markazi, kino va videomahsulotlarni ishlab chiqarish zonalari hamda ovoz yozish studiyalari barpo etiladi.
Ijodkorlar va kreativ kompaniyalar uchun ekologik makon — Kreativ industriyalar kampusi ham qurilishi ko‘zda tutilgan.
Bunda Kreativ park hududi xavfsizlik, inklyuzivlik va ekologik tozalik talablariga javob bergan holda 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan ochiq jamoat makoni sifatida tashkil etiladi.
12-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yangi Toshkent va Nukus shaharlarida kreativ parklar tashkil etilishi taʼkidlangandi.
Avvalroq O‘zbekistonda Anʼanaviy sanʼat oliy maktabi va Milliy restavratsiya instituti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
