Bloomberg‘ning insayderi Mark Gurman Apple rejalari haqida yangi tafsilotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kompaniya sun’iy intellektga ega uchta taqiladigan gadjet: aqlli ko‘zoynak, sun’iy intellektli kulon va kamerali AirPods ustida faol ish olib bormoqda.
Ko‘zoynaklar Meta kompaniyasining Ray-Ban bilan raqobatlashadi — ichki ma’lumotlarga ko‘ra, ular displeysiz qoladi va karnaylar, mikrofonlar va kameralarga tayanadi.
Kameralar yordamida ham surat va video olish, ham Siriga hozirda foydalanuvchining ko‘z o‘ngida turgan biror narsa haqida savol berish mumkin bo‘ladi.
“Maqsad shundaki, ko‘zoynak kunbo‘yi foydalanuvchi nimani ko‘rayotgani va nima qilayotganini real vaqt rejimida tushuna oladigan sun’iy intellektli yordamchi sifatida ishlashi kerak”, — deb yozadi Gurman.
Gurmanning ta’kidlashicha, Apple smart-ko‘zoynaklar ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini mustaqil ravishda amalga oshirmoqda. Dastlab kompaniya Meta singari boshqa firmalar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan, ammo keyinchalik bu fikrdan voz kechgan.
“Dastlabki prototiplar kabel orqali mustaqil batareya va iPhone’ga ulanardi, ammo yangi versiyalarda barcha komponentlar ramkaga joylashtirilgan. Dizaynda yuqori sifatli materiallar, jumladan, ko‘zoynakka premium ko‘rinish beradigan akril elementlar ishlatiladi. Apple kelajakda qurilmani boshqa variantlarda chiqarishni ham ko‘rib chiqmoqda”, — deydi Mark Gurman.
Sun’iy intellektli kulon haqida avvalroq The Information nashri yozgandi. Gurmanning hisoboti oldingi ma’lumotlarni to‘ldiradi.
Uning aytishicha, qurilma “muvaffaqiyatsiz Humane AI Pin loyihasiga o‘xshaydi”, biroq ba’zi muhim farqlari bor: Apple qurilmasida proyektor bo‘lmaydi — AI Pin’dan farqli o‘laroq, bu sun’iy intellektli kulon mustaqil qurilma bo‘lishga intilmaydi, aksincha ko‘p jihatdan iPhone’ga tayanadi.
“Bu kulon, aslida, smartfon uchun doimo yoqiq turuvchi kamera vazifasini bajaradi, shuningdek, Siri buyruqlarini kiritish uchun mikrofonni ham faollashtiradi. Apple’ning ayrim xodimlari uni „telefonning ko‘zi va qulog‘i“ deb atashmoqda”, deb yozadi Gurman
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bunday qurilma hali ishlab chiqarishning dastlabki bosqichida bo‘lib, uni bekor qilish ehtimoli ham mavjud. Aqlli ko‘zoynak va kamerali AirPods’ga kelsak — ularning joriy yoki keyingi yilda bozorga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Apple 4-martda yangi gadjetlari taqdimotini o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.
Mobil qurilmalar segmentida iPhone 17e modeli, A18 chipiga ega bazaviy iPad namoyish etilishi kutilmoqda.
