Avvalroq 18-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev AQSH biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani hamda bir qator investitsiya loyihalari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolangani haqida xabar berilgandi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Oppenheimer boshqaruv direktori Jon Tonelli kompaniya Citibank bilan birgalikda Centrum Air aviakompaniyasining IPO jarayonida ishtirok etishini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston 24 lavhasida so‘z boradi.

Uning ta’kidlashicha, Centrum Air strategiyasi mamlakatning qulay geografik joylashuvidan foydalangan holda O‘zbekistonni logistika xabi sifatida rivojlantirish hamda Sharq va G‘arbni bog‘laydigan infratuzilmaga sarmoya kiritishga qaratilgan.

Tonellining so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniya bosh ofisi faoliyatini O‘zbekistonda davom ettirgan holda 100 dan ortiq mamlakatlarda ish yuritib, global maydonda yetakchiga aylanishni maqsad qilgan.

“Ushbu ulkan rejalarni amalga oshirish uchun, albatta, katta mablag‘ talab etiladi. Shundan kelib chiqib, Oppenheimer kompaniyasi Citibank bilan birgalikda IPO doirasida kompaniya aksiyalarini joylashtirishda anderrayter sifatida ishtirok etadi. Biz kompaniya qiymatini $2 mlrd darajasida baholashni rejalashtirganmiz, bu esa Centrum Air’ni Markaziy Osiyodagi eng qimmat kompaniyalardan biriga aylantiradi”, — dedi u.

Oppenheimer boshqaruv direktori prezidentga murojaat qilib, “muhim va tarixiy bitim” uning mamlakatdagi “ulkan mehnati va keng ko‘lamli islohotlari” tufayli amalga oshganini ta’kidladi.

Taqdimotga ko‘ra, Centrum Air IPO doirasida $600 mln jalb qilishni rejalashtirmoqda, bu kompaniyaning umumiy bahosining 30%iga to‘g‘ri keladi.

Prezident huzurida Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov va Oppenheimer boshqaruv direktori Jon Tonelli kompaniyani IPOga chiqarish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

2025-yil sentabr oyida Centrum Air va Oppenheimer o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Hamkorlik tashuvchini ommaviy bozorlarga potensial kirishga tayyorlash va kompaniyaning moliyaviy tuzilishini mustahkamlashga qaratilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va AQSH qo‘shma investitsiya platformasini yaratishga kelishib olgani haqida yozgandi.