Smartup biznes jarayonlarini avtomatlashtirish sohasidagi startapi IT Park Ventures jamg‘armasidan $1 mln sarmoya jalb qildi. Bu haqda Startup Base platformasi xabar bermoqda.
Startap jamoasi biznesning asosiy funksiyalari — tarqatish, sotish, omborxona va moliyaviy jarayonlarni yagona ekotizim orqali boshqarish uchun yechimlarni taklif qiladi. U samaradorlikni oshirish uchun biznes jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini beradi.
Smartup platformasi tahlil, marketing, uskunalarni nazorat qilish, shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan yechimlar uchun vositalarni o‘z ichiga oladi.
Tizim operatsion boshqaruvning to‘liq siklini — sotuvlar, buyurtmalar va B2B-buyurtmalar, dala jamoalari nazorati, zaxiralar monitoringi, ishlab chiqarish jarayonlari, tovarlarni markirovkalash, moliya, debitorlik qarzlari, logistika kabilarni qamrab oladi. Shuningdek, u nazorat qiluvchi organlar uchun avtomatik ravishda hisobot tuzishi mumkin.
Markaziy Osiyoda Smartup yechimlaridan foydalanadigan kompaniyalar soni 700 dan oshadi. Platforma iste’mol tovarlari (FMCG), ichimliklar, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatishda qo‘llaniladi.
Jamg‘arma investitsiyalarini Smartup’ni yanada rivojlantirish, uning funksional imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqaviy bozorlarda kengaytirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
2025-yil fevral oyida Green White Solutions kompaniyasi asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov Spot’ga Smartup’ning yaratilishi va rivojlanish tarixi haqida so‘zlab berdi.
U kompaniyani avtomatlashtirish sohasida mintaqaviy yetakchiga aylantirish va kapitallashuvni 10 milliard dollarga yetkazish rejalari haqida ma’lum qildi.
Avvalroq Tilmoch onlayn tarjimoni $150 ming investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi.
Shundan AloqaVentures $60 ming, Yoshlar Ventures $50 ming hamda IT Park Ventures $40 ming sarmoya kiritdi.
