Avvalroq prezident Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Unda hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Sun‘iy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish ko‘zda tutilgan.

Bazalt tolasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek Qorao‘zak, Taxtako‘pir va Chimboy tumanlarida sanoat korxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud maydonlarning atigi 2,5%iga ekin ekilayotgani, qolgan 16 mln gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi.

Iqlimga mos yangi ekin turlarini aniqlash va ularni yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, suvsizlik va sho‘rga chidamli, jumladan farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksport hajmini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari bo‘lishi belgilandi.

2026-yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, o‘simliklarni sunʼiy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Joriy yilda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

Avvalroq Jizzaxda avtomobillar uchun 200 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.