Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston o‘zining ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga egaligi taʼkidlandi.
Xususan, 270 mln tonna sement, 256 mln kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 mln tonna ohak, 31 mln kub metr keramzit, 30 mln kub metr qurilish qumlari, 27 mln kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 mln tonna shisha, 6,5 mln tonna gips, 4,3 mln tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.
Taqdimotda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etildi. Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun 7-o‘ringa ko‘tarildi.
Sanoat mahsulotining atigi 4%i eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30%ga yetdi. Umumiy eksport 2016-yilga nisbatan 3,5 karra oshib, $2,1 mlrd bo‘ldi.


Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trln so‘mga (2025-yilda 54,3 trln so‘m bo‘lgan), jon boshiga esa 51 mln so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida $7,2 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini $900 mlnga yetkazish muhimligi taʼkidlandi (2025-yilda $435 mln bo‘lgan).
Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2%gacha, kambag‘allikni 3,2%gacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.
Qo‘shimcha ravishda “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezident ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish ($2025-yilda 3,5 mlrd bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etildi.
Avvalroq Buxoro, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda chiqindi yoqish zavodlari qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.


