O‘zbekistonda birinchi marta mayning uchun ruxsat berildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar elektron reyestridan ma’lum bo‘ldi.
ILMA direktorining 19-yanvardagi buyrug‘i bilan NexaGrid xususiy kompaniyasi O‘zbekistonda kriptovalyutalar mayningi uchun birinchi ruxsatnomani oldi. Mayningni amalga oshirish manzili sifatida Buxoro viloyatining Romitan tumani ko‘rsatilgan.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, NexaGrid 2025-yilning aprel oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Ustav fondi 600 mln so‘m bo‘lgan kompaniya “kompyuter uskunalarini boshqarish faoliyati” bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilari — Sultonov Toymurod Tavakkalovich (63%), Rozimurodov Mahmudjon Gafurovich (37%). Shuningdek, Toymurod Sultonov rahbar sifatida ham ko‘rsatilgan.
Toymurod Sultonov LinkedIn’da NexaGrid mayning uchun “qonuniy, shaffof va qonun doirasida” ruxsat olganini ta’kidladi.
“Bu faqat bitkoin haqida emas. Bu — hech kim bormagan yo‘lga jur’at bilan kirish haqida. Bu — oylar davom etgan noaniqlik, „Senga nima keragi bor?“ degan savollar, tavakkal, bosim va hech kim ishonmagan sukunat haqida. NexaGrid xayp ortidan emas, Markaziy Osiyoda kelajak infratuzilmasini qurish g‘oyasidan tug‘ildi. Odatda „hali erta“ deyiladigan joyda”, — deb yozgan u.
LinkedIn’dagi profiliga ko‘ra, Toymurod Sultonov 2017−2024 yillarda davlat xizmatida ishlagan. 2024-yil bahoridan 2025-yil yozigacha u Global Textile kompaniyasida marketing tahlilchisi lavozimida faoliyat yuritgan. O‘tgan yilning aprel oyidan beri NexaGrid bosh direktori, shuningdek, Central Asian University’da ma’ruzachi bo‘lib ishlaydi.
2024-yil bahorida ILMA rahbari o‘rinbosari Vyacheslav Pak Spot’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda qonuniy mayning-fermalar yo‘qligini aytgandi. Yarim yildan ko‘proq vaqt ichida regulyator faqat bitta murojaat olgan, ammo talablarga javob bermagani uchun rad etgan.
Avvalroq 661 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tgani haqida xabar berilgandi. Mamlakatda 21 ta kripto-xizmat provayderi faoliyat yuritmoqda. 2022-yildan buyon kompaniyalar 107 mlrd so‘mdan ortiq boj va yig‘imlar to‘lagan.
