IT Park Ventures venchur fondi Pre-Seed raundi doirasida PromptLab startapiga sarmoya kiritdi, deya xabar berdi Startup Base platformasi.

PromptLab jamoasi biznes xaridlarini boshqarish uchun o‘rnatilgan sun’iy intellektli platformani ishlab chiqmoqda. U talablarni yig‘ish (intake), yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro aloqalar va xarid qilish tartib-qoidalarining o‘zini yagona intellektual tizimga birlashtiradi.

U mavjud xarid tizimlari, jadvallar va boshqa korporativ infratuzilmalar bilan integratsiyalashadi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu raqamli arxitekturani o‘zgartirmasdan, xaridlarni boshqarishning yaxlit ekotizimini yaratish imkonini beradi.

PromptLab texnologiyalari xaridlarning dastlabki bosqichlarida tuzilmaviy ma’lumotlarni olish uchun yetkazib beruvchilar va narxlarni intellektual tahlil qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Platforma shartnomalarning amal qilish muddatini boshqarish, sun’iy intellekt yordamida monitoring olib borish, shuningdek, avtomatlashtirilgan keyingi harakatlarni (follow-up) o‘z ichiga oladi.

Investitsiyalar miqdori $150 mingni tashkil etdi. Mablag‘lar platformani rivojlantirish, uning funksiyalarini kengaytirish va xalqaro bozorlarda kengayishini tezlashtirishga yo‘naltiriladi.


Avvalroq Spot Smartup platformasi IT Park Ventures’dan $1 mln investitsiya olishi haqida yozgandi.

Mablag‘ funksionallikni rivojlantirish va kengaytirishga hamda xizmatni mintaqaviy bozorlarda kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Tilmoch onlayn tarjimoni $150 ming investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi.

Shundan AloqaVentures $60 ming, Yoshlar Ventures $50 ming hamda IT Park Ventures $40 ming sarmoya kiritdi.