Raqobat qo‘mitasi OAV va internetda joylashtirilayotgan materiallarning “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablariga muvofiqligini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvlar doirasida turoperatorlar tomonidan Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalar tahlil qilindi.
Natijada Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan ikkita kompaniya — Sharofiddin Travel va Fayz Tour Travel korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur turoperatorlar litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklama joylashtirgan va shu orqali qonun talablarini buzgan. Yakuniy qaror asosida ularga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan yana 12 ta Telegram va Instagram sahifalarida joylashtirilgan reklamalar o‘rganildi.
Ular orasida Marmaristour.uz, rozumbetovjurabek, uzmobile_aviakassa, Samarqanddan Umra ziyorati Instagram sahifasi, Umra Ziyorati, Fazliddin Umra jamiyati, Muborak safar, Qo‘qimboyliklar, Saudiyaga sayohat, Umra rasmiy, Aviakassa721 va Nursafar kanallari bor.
Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, mazkur sahifa va kanallarda ham litsenziyasiz faoliyatga oid reklama berish orqali qonunchilik talablari buzilgan. Natijada mansabdor shaxslar ma‘muriy javobgarlikka tortildi.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta‘minlanadi.
Avvalroq Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
