O‘zbekiston sanksiyalar xavfi sababli sellyuloza va paxta mahsulotlari eksporti ustidan nazoratni kuchaytirdi. Bu haqda 21-fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Toshkent viloyati tadbirkorlari bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Maishiy va sanitariya-gigiyena qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Bumfa Group Asia xorijiy korxonasi rahbari Shokirjon Dodojonov 7-yanvardan boshlab Bojxona qo‘mitasi tomonidan eksportga taqiq joriy etilganini bildirdi. Biroq davlat organlari taqiq sababini ochiqlamayapti. Natijada 100 nafardan ortiq ishchi ma’muriy ta’tilga chiqarilgan, zarar esa 2 mlrd so‘mga yetgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti boshlig‘i Inomjon Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, xulosa berish tartibi ishlab chiqilgani va yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Tartib tasdiqlangandan so‘ng, vazirlik o‘z xulosasini berishi mumkin.

“Men bir narsani eslatib o‘tmoqchiman, hurmatli tadbirkorlar, sellyuloza va unga o‘xshash mahsulotlar eksporti taqiq emas, nazoratga tushgan. Qattiq nazorat O‘zbekiston tomonidan emas, balki barcha ishlab chiqaruvchilar tomonidan [belgilangan]. Agar biz kerakli tekshiruvlarni amalga oshirmasak, butun tizim sanksiyaga tushadi. Undan keyin siz pulini ham ololmaysiz, aylanma ham bo‘lmaydi, juda og‘ir ahvolga solib qo‘yadi”, — deya tushuntirdi u.

Bosh vazir o‘rinbosari mahalliy paxta mahsulotlari xaridorlari ekspertizadan o‘tkazilishini ma’lum qildi. U Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga xulosa berish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, tadbirkor banklar 2025-yil dekabr oyida olgan mablag‘larini bermayotganidan shikoyat qildi. “Biz nimaning hisobidan yashashimiz kerak?”, — dedi u.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning tushuntirishicha, agar SDN ro‘yxatidagi sanksiya ostidagi kompaniyalar yoki Rossiyaga mahsulot yetkazib berish maqsadida sanksiyalarni chetlab o‘tayotgan firmalar bilan eksport shartnomalari imzolangan bo‘lsa, banklar bunday operatsiyalarni to‘xtatib turadi.

eksport, jamshid xodjayev, paxta, sanksiyalar, sellyuloza

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank banklarga mablag‘ berishni taqiqlamagan, balki ogohlantirishlar yuborgan. Turdaliyev O‘zbekiston kompaniyalari Rossiyaga sellyuloza eksport qila olmasligini tasdiqladi, chunki xom ashyodan harbiy-sanoat kompleksi ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin.

Bumfa Group Asia vakili korxona tibbiy paxta ishlab chiqarishini, sellyuloza va paxta o‘rtasida katta farq borligini ta’kidladi. Markaziy bank rahbari o‘rinbosari unga mablag‘lar muzlatilishi masalasini muhokama qilish uchun banklar bilan uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.

Gigroskopik paxta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning yana bir vakili nafaqat Rossiyaga, balki boshqa mamlakatlarga ham eksport qilish taqiqlanganidan shikoyat qildi. Bosh vazir o‘rinbosari korxona Yevropaning Bella ayollar gigiyenasi vositalari ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlikda ishlayotganini ta’kidlab, xulosa berishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Sellyuloza va paxta momig‘ini eksport qiluvchilar tushunishlarini xohlayman, hozir Markaziy bank raisi o‘rinbosari aytganidek, biz ular bilan, ya’ni nazorat qiluvchi organlar bilan ko‘plab jarayonlarni, jumladan, sanksiyalar masalalarini birgalikda amalga oshirishga majbur bo‘lyapmiz. Shuning uchun jarayon ko‘p cho‘zilib ketyapdi. Lekin ko‘p qolmadi, bir marta ruxsat olganingizdan keyin bemalol eksport qilaverasiz”, — dedi Xodjayev.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importi uchun bojlarni pasaytirgani haqida yozgandi.